Rossiyada bir haftadan keyin migrantlar uchun elektron barmoq izli patent joriy etiladi
Rossiya ichki ishlar vazirligining huquqiy axborot portalida e’lon qilingan buyrug‘iga asosan, Rossiyada mehnat muhojirlariga shaxsini tasdiqlovchi yuz tasviri va barmoq izlari bo‘lgan elektron chipli kartochka ko‘rinishida patent bera boshlaydi.
“Rossiya Federatsiyasiga viza talab qilmaydigan tartibda kelgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga elektron ma’lumot tashuvchisi bo‘lgan karta ko‘rinishida berilgan patent shakli tasdiqlansin”, — deyiladi hujjatda.
Kartaga o‘rnatilgan aloqasiz interfeysga ega mikrosxema patentda ko‘rsatilgan barcha ma’lumotlarni, shuningdek "patent egasining shaxsiy biometrik ma’lumotlari - yuz va aniqlash uchun mos ikki barmog‘ining papillyar naqshlarining elektron tasvirini o‘z ichiga oladi".
Bundan tashqari, patent egasining shaxsi va uning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Buyruq 29 dekabrdan kuchga kiradi.