Rossiyada kaltaklangan o‘zbekistonlik holati yuzasidan tekshiruv boshlandi

Internetda Rossiya Federatsiyasining Tomsk shahrida Federal xizmat xodimi tomonidan O‘zbekiston fuqarosining huquqi buzilib, unga nisbatan kuch ishlatgani haqida video tarqalmoqda.

Ushbu holatga aniqlik kiritish, shuningdek har tomonlama va ob’yektiv tekshiruv o‘tkazish yuzasidan O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi hamda Agentlikning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan Rossiyaning vakolatli idoralariga tegishli so‘rovnomalar yuborildi, deya ma’lum qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi ushbu voqea bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlagan.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.