Rossiyada ahvoli yomonlashgan bir guruh hamyurtlarimizga yordam berilmoqda

Rossiya Federatsiyasida havo harorati sovub borayotgan bir paytda, ushbu davlatdagi ayrim vatandoshlarimiz orasida o‘z yaqinlari va do‘stlarining ishga yaroqsiz holga tushib qolgani yoki salomatligi yomonlashgani sababli qiyin vaziyatda qoldirib ketish holatlari uchrab turibdi.

Shunday bo‘lsa-da, qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizga O‘zbekiston hukumati, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz yordam ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning sentyabr oyi davomida O‘zbekiston Respublikasining Novosibirk shahridagi bosh konsulxonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasiga fuqarolar X.A., I.A., K.A., P.I. turli sabablarga ko‘ra, ishga yaroqsiz holatga tushib qolgani uchun Vatanga qaytarilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabariga ko‘ra, amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqarolarimizga Vatanga qaytish uchun aviachiptalar sotib olinib, O‘zbekistonga jo‘natildi.

Shuni alohida aytish joizki, atrofimizda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni qiyin ahvolga tashlab qo‘ymaslik, ularga imkon qadar yordam berish o‘zbek milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarining ajralmas qismidir.