Rossiyadagi YTHda yana o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Joriy yilning 30 iyun kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, YTHda 2018 yildan beri Primore o‘lkasida qonuniy asosda ishlab va yashab kelayotgan o‘zbekistonlik halok bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda Bosh konsulxona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda vafot etgan O‘zbekiston fuqarosining jasadini Vatanga qaytarish uchun konsullik-huquqiy masalalarni hal qilishda yordam ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, marhumning jasadi Agentlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan O‘zbekistonga qaytariladi.