Rossiyadan O‘zbekistonning 152 nafar fuqarosi olib kelindi
Rossiyaning “Uralskiy avialinii” aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning 152 nafar fuqarosi 15 aprel kuni Yekaterinburgdan Toshkentga olib kelindi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Mehnat migrantlari poytaxtimizga kecha soat 20:00da qo‘ngan.
Mazkur reys RF IIVning Yekaterinburg shahri bo‘yicha boshqarmasiga qarashli Xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida turgan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun tashkil etildi.
Parvoz Sverdlovsk oblasti gubernatori, inson huquqlari bo‘yicha vakili, sud xodimlari, Rossiya ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Yekaterinburgdagi konsulining faol ishtiroki bilan tashkillashtirildi. Reys dasturdan tashqari bajarildi.
Kompaniya ushbu reys aviakompaniya va jarayonning barcha ishtirokchilari uchun operativ vazifa bo‘lgani va u muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirgan.