Rossiyalik muholifatchi Aleksey Navalniy komada, uni zaharlashgan bo‘lishi mumkin

20 avgust kuni Rossiyaning Tomsk shahridan Moskvaga yo‘l olgan Navalniyning salomatligi samolyot ichida yomonlashgani sababli, samolyot Omsk shahriga favqulotda qo‘ndirilganidan so‘ng, siyosatchi shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ayni vaqtda uning salomatligi og‘ir baholanmoqda, xabarlarga ko‘ra siyosatchi O‘SV uskunasiga ulangan. Bu haqda RBK agentligi xabar berdi.

“Bugun ertalab Navalniy Tomskdan Moskvaga qaytayotgan vaqtda, uning salomatligi yomonlashdi. Samolyot Omsk shahriga favqulotda qo‘ndirildi. Aleksey toksik zaharlangan. Ayni vaqtda biz tez yordam bilan shifoxonaga ketyapmiz”, - deb yozdi Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish, samolyot Omskka qo‘nganidan so‘ng, Tvitter sahifasida.

Yarmishning so‘zlariga ko‘ra, Navalniy hushini yo‘qotgan.

“Taxminimizcha, Alekseyni choyga qo‘shilgan qandaydir modda bilan zaharlashdi. U ertalabdan buyon iste’mol qilgan yagona narsa choy edi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, zahar qaynoq suyuqlik yordamida tezroq tanaga singib ketgan. Ayni vaqtda Navalniy hushsiz holda”, - qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.

Keyinchalik, siyosatchini shifoxonaga yotqizilganini Omsk ma’muriyati ham tasdiqladi.

1-sonli Omsk tez tibbiy yordam shifoxonasi Bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiyning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining ahvoli og‘ir, u toksikoreanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

“Izvestiya” nashri bergan xabarga ko‘ra, Navalniy ikkinchi darajali koma holatiga tushgan. Unda og‘riqni sezish hissi butunlay yo‘qolgan, biroq ko‘z qorachiqlari reaksiyasi mavjud.