Rostdan ham suriyaliklar O‘zbekistonga tahdid solyaptimi? Nega bunday yolg‘on xabarlarga huquq-tartibot idoralari munosabat bildirmayapti?
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, telegramm kanalidagi ayrim guruhlar orqali asoslanmagan, norasmiy va odamlar orasida vahima uyg‘otuvchi xabarlarni tarqatish urfga aylanmoqda! Masalan, quyidagi xabarga e’tibor bering:
«Barcha fuqarolar diqqatiga! Shoshilinch xabar!
Ichki ishlar vazirligi quyidagi bayonotni eʼlon qiladi:
Mamlakatda boʻlib turgan qiyin vaziyatlarni hisobga olib, hurmatli fuqarolarimizga:
- uylaringizda eshiklarni doimiy berkitib yurishingizni, ehtiyotkorlik va hushyorlikni oshirishingizni, har qanday suriyalik immigrant bilan u biror muammosini aytib kelsa ham yaqin munosabatda boʻlmaslikni, begona kishilar bilan liftdan foydalanmaslikni, ahlingizni ogohlantirmay kechasi koʻchaga chiqmaslikni tavsiya qilamiz.
Quyidagi koʻrsatmalarga amal qilishingizni soʻraymiz:
- 3 yoki 4 kishi oʻzlarini suv shirkatidanmiz yoki Escom shirkatidanmiz, uyingizdagi elektr chiroqlarini bepul almashtirib beramiz, deb uyingizga kirmoqchi boʻlishadi. (Ular bu ishlarini bir necha joylarda qilishdi ham). Ularni uyingizga kirita koʻrmang. Ular pul va bola oʻgʻrilaridir! Sizga qurol bilan tahdid ham qilishlari mumkin.
Ogohlantirish:
Bu bayonotni oʻzingizga yaqin boʻlgan insonlarga yuboring. Shu ish bilan kishilar hayotini saqlab qolgan boʻlasiz.
Uyingiz eshiklari mahkam yopilganligiga hamma vaqt ishonch hosil qiling!!!
Xizmatchilar va farzandlaringizga eshikni: "kimsiz, ismingiz nima?", demasdan ochmasliklarini uqtiring!
Muhammad Ibrohim Yusuf,
Ichki ishlar vazirligi».
Bu xabarga men ishonmadim. Chunki birinchidan, qaysidir telegramdan olingan yolg‘on axborot tarqatilyapti, ma’lumotning muallifi ham kishida shubha uyg‘otadi (vazifasi yozilmagan). Ikkinchidan, ular uyma-uy kirib yurishgan bo‘lsa, manzilini ko‘rsatib yozishmaydimi?
Afsuski, ushbu to‘qima, yolg‘on axborotlarga ishonadigan, keng jamoatchilik orasida vahima ko‘tarib, aholini sarosimaga solib qo‘yadigan vatandoshlarimiz bor oramizda. Asoslanmagan axborotning oqibatini o‘ylamasdan bir zumda tarqatib yuboradiganlar ham ko‘p. Hozirgi axborot asrida bunday yolg‘on axborotlarga ishonmaslik ham ogohlik, xushyorlik aslida.
Lekin ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bunday axborotlarga munosabat bildirib qo‘yishsa, yaxshi bo‘lardi. Zero, har qanday yolg‘on axborotning xuruji jamiyatga ziyon keltirishi mumkin.