Rubl "qulamoqda". Rossiya-Ukraina tomonlari muzokara boshlaydi
Rossiya rubli o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda: bugun ertalab olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dollarga nisbatan u rekord darajada pastga tushdi.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, bu bozorning beqarorlik va hali to‘liq qo‘llanilmagan sanksiyalarga nisbatan munosabatidir. Bugun, 28 fevral kuni ertalab 1 dollar 108 rubl, 1 yevro 121,5 dan oshdi.
Moskva birjasida ertalabki savdolar bekor qilindi. Avvalroq Rossiya Markaziy banki brokerlarga buyurtma bekor qilinmaguncha birja va birjadan tashqari bozorlarda qisqa muddatli savdolarni amalga oshirishni vaqtincha taqiqlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Rossiya Federatsiyasi moliya institutlariga jiddiy cheklovlar qo‘yildi – ayrim tuzilmalar SWIFT tizimidan uzilgan, Markaziy bankning G‘arb mamlakatlaridagi aktivlari muzlatilgan.
Rossiyaning eng yirik banklari, jumladan, «Sberbank» o‘z mijozlarini yangi sanksiyalar rossiyaliklarning hisoblaridagi mablag‘lar xavfsizligiga ta’sir qilmasligiga ishontirmoqda.
Bugun Rossiya-Ukraina muzokaralari Belarusning Gomel viloyatida soat 14:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanishi kutilmoqda.
Ukraina delegatsiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Mudofaa vaziri - Reznikov;
- Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari - Tochitskiy;
- Prezident devoni rahbari maslahatchisi - Podolyak;
- «Xalq xizmatchisi» fraksiyasi rahbari - Araxamiya;
- Deputat - Umerov;
- uch tomonlama aloqa guruhidan Ukraina delegatsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Kostin.