Rumiy haqida nimalarni bilamiz?
Ko‘niyaga qilgan safarimizning asosiy maqsadi – Mavlono Jaloliddin Rumiyning ziyorati edi va bugun ozgina Mavlono haqida suhbatlashamiz.
Jaloliddin Rumiy o‘zbekmi?
Ha, u onasi tomonidan Xorazmshohning nabirasi. Balx o‘sha paytda Xorazmshoh tasarrufida bo‘lgan. Shuni nazarda tutsak, u bizning bobomiz. Ammo Balx bugun Afg‘onistonga tegishli ekanini nazarda tutsak, Rumiyni o‘zlarining bobosi hisoblaydigan afg‘onlar ham haq.
Ota tomonidan Jaloliddin Rumiyning shajarasi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga borib yetishini e’tiborga olsak, millati arab bo‘ladi. Umrining katta qismi Turkiyada o‘tgani, qolaversa, Turkiyada mangu yotganlari e’tiborga olinsa, Rumiyni bizniki deyayotgan turklar, Rumiy aksariyat asarlarini fors tilida yozganini e’tiborga olsak, uni o‘ziniki hisoblaydigan forslar ham haq. Ayrim asarlarini yunon tilida yozganini e’tiborga olsak, greklar ham Rumiyni bizniki deyishlari aslo g‘alati emas. Taxalluslari Rumiy ekani yuzasidan Rim ahli, ya’ni italyanlarga ham Rumiy hazratlari begona emas.
Xullas, Jaloliddin hammamizniki! Barcha millatlar uchun bab-baravar tegishli. Xuddi Quyosh hammaga birdek tegishli bo‘lgani kabi!
Ulug‘ safar
Jaloliddin Rumiy 1207 yilning 30 sentyabrida hozirgi Afg‘onistonning Balx shahrida, Sultonul ulamo, ya’ni Ulamolar Sultoni unvonini olgan ulug‘ shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. U choriyorlardan Abu Bakr Siddiq zurriyodlaridandir. Bahouddin Valad Muhammad Xorazmshoh bilan kelisha olmay, oilasi, muridlarini olib, 1219 yil qishida Balxdan chiqib ketadi. Bahouddin Valad Nishopurda bir oz to‘xtab, avliyolar sultoni Fariduddin Attor bilan uchrashadi. 12 yasharlik Jaloliddin ustozi Attorni ko‘radi va uning suhbatiga muyassar bo‘ladi. Attor Jaloliddinga o‘zining “Asrornoma” kitobini tuhfa qiladi.
Bahouddin Valad Makka safaridan so‘ng Ko‘niya shahriga keladi. Uni yosh avlodga ilm berishi uchun taklif qilgan Saljuqiylar sultoni Olovuddin Qayqubod Ulamolar Sultonini o‘z yaqinlari bilan birgalikda Ko‘niya tashqarisiga chiqib kutib oladi. Bahouddinga Ko‘niya shahri ma’qul bo‘ladi va Jaloliddinga shaharni ko‘rsata turib: “O‘g‘lim, bu shaharda yashash senga, nabiralarimga, nabiralarimning nabiralariga nasib qilsin. O‘z qal’angni xayrli, ezgu, savob ishlardan qurgin. Olamda ushbu qal’adan mustahkamrog‘i bo‘lmaydi”, deb nasihat qiladi. Jaloliddin ota yurtiga qaytib kelmadi va o‘zini onado‘lilik hisoblab, Rumiy degan taxallus oldi.
Qiziq bir dalil. Rumiy taxallusi Rum davlati nomidan olingan deymiz, ammo u yerda bir narsani aytishdi: Rum so‘zining abjad hisobi 256 ga teng va bu “Nur” so‘zi ma’nosiga mos kelar ekan. Arab, eron va o‘zbek tillarida bu “yorug‘lik” so‘zi ma’nosini beradi. Rumiyning hayotida burilish yasagan ustozining ismi Shamsiddin ekanini, u o‘zidagi yorug‘likni Jaloliddinga “ko‘chirib o‘tkazganini” inobatga olsak, bu dalilda jon bordek.
Mavlono Rumiyning ilmiy va adabiy merosi g‘oyat katta. G‘azal, masnaviy va ruboiylarni o‘z ichiga oladigan “Devoni kabir”da uch mingdan ortiq she’r bor. “Masnaviyi ma’naviy” ham bir necha ming baytdan iborat. Bundan tashqari, “Maktubot”, “Ichindagi - ichindadir” asarlari mavjud. Ular jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan.
Jaloliddin Rumiy odamni tadqiq etadi, uning tabiati va intilishlarini kuzatadi, botiniy jilolar va surilishlar, qalb siljishlarini qidirib topadi. Insonning iymon gavhari, buyukligi barobarida nuqsonlari – nafsi, hirsi oqibatida kelib chiqadigan yovuzliklarini tahlil etib, bulardan qutulish, poklanish yo‘llari, fazilatini bayon etadi.
Rumiyning har bir fikri – bir mash’ala, bir chiroq, shundoqqina qalbga qo‘yiladigan ziyodir. Rumiy islomning buyuk shoiri va mutafakkiri bo‘lgani holda barcha mazhablardinlardan yuqori ko‘tarila oldi, bani-basharni birlashtiruvchi yagona ilohiy g‘oyalarni olg‘a surib, kishilarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi e’tiqod va iymon, ishq va sig‘inish, poklik va tavbadan so‘z ochdi: “Yo‘llar muxtalif, ammo maqsad bir, ya’ni Alloh huzuri”, deya Ulug‘ Tangri haqiqati oldida jami maxluqot barobarligini isbotladi.
Falsafani Gegel va Marksdan, Shopengauer va Kantdan, Nitshche va Freyddan o‘rgangan kishilar “Fihi mo fihiy”ni o‘qib, hammasi o‘zimizda allaqachon bor ekan-ku, hammasi aytilgan ekanku, deyishlari tabiiy. Ha, Rumiy hali kashf etilmagan tafakkur xazinasi, bizga yetib kelmagan ma’nolar ummoni.
Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” Quron va Hadis ma’nolarini o‘zida singdirgan, inson hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar badiiy yo‘sinda bayon etilgan 270 dan ziyod hikoyalarni, yuzlab pandu-nasihatlarni jam qilgan.
Mavlono Jaloliddin Rumiy musulmon olamining ulug‘ shoiri sifatida ham benihoya qadrlanadi. U fors, arab, yunon va turk tillarini mukammal bilgan.
Rumiyning piri ham “o‘zimizdan”
Termizlik Said Burhoniddin Ko‘niyaga kelib, Jaloliddinga pirlik qiladi. Eng avval Jaloliddindagi kibru-havoni o‘ldirish uchun uni har kuni kishilar xizmatiga chiqib, ularning hojatxonalarini, to‘kindixonalarini tozalash kabi ishlarni bajarishga buyuradi. Ushbu ishlarni bajarib qaytgan Jaloliddin tong otguncha ibodatda bo‘ladi, otasining “Maorif” kitobini o‘qiydi. Said Burhoniddinning talabi bilan ushbu kitobni 101 marotaba o‘qib chiqadi. Biroz vaqt o‘tgach, Said Burhoniddin Jaloliddindan shaharda yurib, odamlarning uyiga borib, sadaqa so‘rashni ham talab qiladi. “Bilib qo‘y, qalbni tozalash axlatxonalarni tozalashdan ko‘ra murakkabroqdir”, deb o‘git beradi.
Shu kabi og‘ir sinovlar bilan muridlar uchun odatda talab qilinadigan 1001 kun nihoyasiga yetadi. Sinovlarni talab darajasida bajargan Jaloliddinni ustozi bag‘riga bosadi va unga oriflar libosini kiydirib, fotiha beradi.
Ma’lumot uchun: Said Burxoniddin Sog‘arjiy hazratlarining qabri Samarqandda. Maqbarani esa u zotni o‘ziga g‘oyibona pir tutgan Amir Temur hazratlari qurdirgan.
Ikki quyosh uchrashuvi
Shu zayl Jaloliddin Ko‘niyaning eng mashhur, eng sevimli zohidi va so‘fiy xatiblaridan biriga aylanadi. U o‘z davrida aql bilan yetishish mumkin bo‘lgan barcha narsalarni bilar edi. Lekin yuragida bir iztirob bor edi. U nima qilish kerakligini bilmas, juda ma’yus edi.
1244 yilning kech kuzida o‘zining hayotida tub burilish yasagan ustozi, Shamsiddin Tabriziy bilan uchrashadi. Yangi do‘stlar suhbati uch oy davom etadi va shundan so‘ng olamga butunlay yangi bir Jaloliddin kirib kelgandek bo‘ladi.
Jaloliddinning ma’yus hayoti barham topadi. Uning o‘rniga musiqa, raqs, she’riyat kirib keladi. Shamsiddin Tabriziy Jaloliddinni shoir Rumiyga aylantiradi. Rumiy 1248 yildan boshlab, Tabriziy vafotidan so‘ng o‘z g‘azallarini Shamsiddin Tabriziy taxallusi bilan yoza boshlaydi.
Ko‘niyaga mo‘g‘ul lashkarlari xavf solib kelar, ko‘niyaliklarning umid ko‘zi mavlono Rumiyga tikilgan edi. Bo‘lajak dahshatlar qarshisida chuqur o‘yga cho‘mgan Mavlono kechki payt Ko‘niyaning sharqiy darvozasi orqali shahar tashqarisiga chiqib ketadi va bir tepalik ustida yolg‘iz o‘zi tong otguncha Allohga nola qilib, elni mo‘g‘ul falokatidan asrashni iltijo qilib so‘raydi. Shu kuni erta tongda, Ko‘niya xalqi ko‘rsaki, mo‘g‘ul hoqoni Ilxon Xulagu yuborgan Bayju boshchiligidagi mo‘g‘ul askarlaridan nom-nishon ham qolmabdi…
Shunday karomatlar sohibi, qadim Turon yurtining ulug‘ farzandi, buyuk faylasuf, shoiri a’zam Jaloliddin Rumiydan insoniyatga qolgan ulkan va bebaho ma’naviy xazinaning qimmati asrlardan asrlarga oshib, hamon qanchadan-qancha ko‘ngillarni o‘z nuri bilan yoritib kelmoqda.
“Quyosh – hammaning mulki!”
Mavlono Rumiy 1273 yil 17 dekabrda Turkiyaning Ko‘niya shahrida vafot etgan va otasi Bahouddin Valadning bosh tarafiga dafn etilgan. (Qabrining bosh tarafi baland bo‘lib, qiyshiq turishini turklar shunday sharhlashdi: otasining boshiga dafn qilishganidan keyin “Otamga oyoq uzatib yotmayman” deb o‘rinlaridan turgan emish va qabr shu ko‘rinishga kelib qolgan emish.)
Mavlononi dafn etar kunda turklar va xurosoniylar, yunonlar va armanlar, pravoslavlar va yahudiylar – hamma shoir bilan vidolashishga kelgan, har kim o‘z rusumida alvido aytardi. Orada faqihlardan biri Muniniddin Parvonaga: “O‘z shayxini dafn etayotgan mo‘minlar ichra nasroniy va yahudiylar ne qilur?” deb ularni haydashni so‘radi. Biroq bu befoyda edi. “Quyosh Yer yuzini yoritganidek, Mavlono haqiqat nuri ila butun bashariyatni munavvar etmish. Quyosh – hammaning mulki!” dedi nasroniylar ruhoniysi. “Mavlono – non kabidirlar. Non hammaga zarur. Amirim, ochlarning nondan yuz o‘girib ketganini qayda ko‘rgansiz?” dedi yahudiylar ravvini.
Mavlono Rumiy - ana shunday umumbashariy zot.
Rumiyning qabri ustida ho‘ngrab yig‘layotgan bir nasroniydan “Nega musulmonlar shoiri qabrida ko‘z yosh to‘kyapsan?”, deb so‘raganlarida “Biz uni davrimizning Musosi, Dovudi va Isosi kabi muqaddas bilamiz. Barchamiz uning izdoshlari va shogirdlarimiz”, deb javob bergan ekan. Nasoro va yahudiylar ham Rumiyni muallim, deb bilishgan.
Ha, Jaloliddin Rumiy Quyosh kabi hammamizniki!
Karimberdi TO‘RAMUROD,
Ko‘niyadan Zarnews.uz sayti uchun maxsus.