Bobur qabri tuprog‘i Andijonda

Yurtimizda Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan 4 kunlik dam olish kuni doirasida aholi, jamoalar tarixiy joylarga sayohat qilishmoqda.

Jumladan, avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati xodimlari Samarqand shahridagi «TurkistonTravel» sayyohlik firmasi xodimlari hamrohligida buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur izi qolgan Andijonda bo‘lishdi.

Sayohat Bog‘ishamol dahasidagi "Bog‘i Bobur" bog‘i bilan tanishishdan boshlandi. Boburning 510 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan bog‘ 357 gektar maydonni o‘z ichiga oladi. O‘ziga xos kompozitsiyaga ega bog‘da har kuni minglab chet ellik sayyoh va yurtdoshlarimiz sayr qiladi.

So‘lim maskanning kirish qismida Bobur Mirzo nomiga o‘rnatilgan haykal qad rostlagan bo‘lsa, sal teparoqda mutafakkirning Agra va Qobul sarhadlaridagi qabrlaridan  keltirilgan tabarruk tuproq qo‘yilgan joy o‘ziga xos qiyofa kasb etib turibdi. Milliy qadriyatlarimizdan xabar berib turgan juda katta ko‘rinishdagi choynak va piyola aholining e’tiborini tortmoqda.

Bog‘da o‘rnatilgan "Osma arqon yo‘li" ko‘pchilik mehmonlarning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

- "Osma arqon yo‘li" 1983 yildan buyon odamlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi bog‘ xodimi U.Bozorboyev. - Uning umumiy uzunligi 3200 metr bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 300 nafarga yaqin kishiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, har xil ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida xavfsizlik choralari ham to‘kis yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur qurilma ko‘rinish jihatdan bugungi talab darajasida emasligi bois uni 2021 yilga qadar qaytadan zamon talablari asosida yangilab, foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz.

"Osma arqon yo‘li" orqali har kuni ming-ikki ming odam bog‘ni yuqoridan turib, o‘zgacha tomosha qiladi.

Abdujabbor PO‘LATOV.