Sadriddin Ayniy haqida bilmaganlarimiz ayon bo‘lmoqda. Ikkinchi maqola
30 yillarga kelib, amir saltanatidan qo‘rqmagan odam sho‘ro siyosatidan dahshatga tushadi. Chunki 20 yillarning oxiridayoq qatag‘on bulutlari ko‘k yuzini qoplayotgan edi. Sinchkov, voqelikning ichki jarayonlarini teran tushunadigan ijodkorning bulardan bexabar qolishi mumkin emas edi. Shu bois o‘tmish mavzuida yozilgan bo‘lsa-da, "Doxunda" (1930), "Qullar" (1934) romanlarida Oktyabr to‘ntarishi arafasi va undan keyingi davr voqealari atroflicha yoritiladi. O‘sha davr adabiyotshunosligi tili bilan aytganda, "yot unsurlar", "bosmachilar" harakatlariga munosabat bildiriladi. Albatta, bu harakatga qo‘shilganlar orasida mol-mulkidan judo bo‘lgan, yerlari musodara qilingan alamzadalar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Bularning aksariyati savodsiz, uzoqni ko‘rolmaydigan kishilar bo‘lib, milliy ozodlik, Vatan mustaqilligi va din ravnaqi uchun kurashga kirishganlar juda ozchilikni tashkil qilgan. Olomonchilik kayfiyatiga asoslangan bu oqim shuning uchun milliy harakat tusiga aylanmagan. Qolaversa, jamiyatdagi mavjud tabaqalarni birlashtiradigan yagona bir g‘oya, maqsad, manfaatlar birligi yo‘q edi.
O‘tgan tuzumda "bosmachilar harakati" deb nom olgan siyosiy harakatning Farg‘ona hududidagi vakillari faoliyatiga doir manbalar anchagina. Biroq Buxoro muzofotidagi bu harakat vakillari haqidagi ma’lumotlar faqatgina Ayniy asarlaridagina saqlanib qolgan. Bu xususda boshqa badiiy, ilmiy, publitsistik manbalar kam. Ushbu harakatga Sadriddin Ayniy xayrixoh bo‘lmagan, lekin bu faktlar beiz yo‘qolib ketmagan, tarixiy hodisa sifatida qayd etilgan.
1928 yil "Maorif va o‘qituvchi" jurnalida yozuvchining "Qulbobo" hikoyasi chop etiladi. Akmal Ikromovning maslahati bilan shu hikoya asosida "Qullar" romani yaratiladi. Yozuvchi F.Xo‘jayev, A.Ikromov, N.To‘raqulov kabi partiya va davlat arboblari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Asarlarining yozilishida ularning taklif-mulohazalarini hisobga olgan. Va tabiiyki, muayyan masalalar zamona mafkurasiga muvofiq tarzda talqin etilgan. Yana shuni ta’kidlash kerakki, romanga o‘xshash yirik epik asarda hozir bo‘layotgan voqelikni ob’yektiv yoritish dushvor. Epik asar tabiatan bo‘lib o‘tgan voqealarni qalamga oladi. Chunki u vaqtning chig‘irig‘idan o‘tib, muayyan bir yakunga yetgan bo‘ladi. Shu sabab "Doxunda" va "Qullar" syujetining kulminatsiya va yechimida g‘oyaviylikning maqomi oshadi.
Tarixiy voqealarni badiiy talqin etishda ba’zi masalalarda ijodkorning sub’yektiv qarashlari ustunlik qilganligini ham qayd etish joiz. Shunday masalalardan biri jadidizm - yosh buxoroliklar harakati. Sho‘ro siyosati avval jadidchilik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, har tomonlama ko‘mak berib turadi. Yangi tuzum o‘z asosini mustahkamlab olganidan so‘ng jadidlarga ehtiyoji qolmaydi. Bu harakat ishtirokchilari ta’qibga olinadi, qamaladi, qatag‘onga uchraydi.
Fayzulla Xo‘jayev Sadriddin Ayniyning "Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar" asarida jadidizmga noto‘g‘ri va mavhum baho berilganligini qayd etar ekan, "Ayniyning jadidizm bilan bolshevizmni yaxlit, buzilmas, bir-biri bilan bog‘langan bir butun harakat tariqasida talqin qilishga uringanligi hammadan ham qiziqroq bo‘lib chiqdi", deb yozadi.
Shavkat HASANOV,
filologiya fanlari doktori.
(Davomi bor).