Sadriddin Ayniy haqida bilmaganlarimiz ayon bo‘lmoqda. To‘rtinchi maqola

Bu parcha ijtimoiy adolatsizlik hukm surgan tuzumdagi haqiqiy ahvolni va unga bo‘lgan ijodkor munosabatini ko‘rsatuvchi xarakterli misoldir.
Tarixiy manbalarning guvohligiga ko‘ra, XIX asrda xonliklar o‘rtasidagi parokandalik, bir-biriga nisbatan adovat nafaqat siyosiy jihatdan, shu bilan birga, madaniy va ma’rifiy jihatdan o‘lkaning xaroba bir ahvolga kelib qolganligini tasdiqlaydi. 

Chor armiyasi 1865 yil Toshkentni, 1868 yil Samarqandni istilo qildi. Oradan 52 yil 4 oy o‘tgach, yarim mustamlaka bo‘lsa-da, o‘zicha siyosat yuritayotgan amirlikni tugatishga qaror qilinadi. O‘z vaqtida Sharqqa yurish boshlagan ikki katta imperiya – rus chorizmi va Angliya o‘rtasida ixtilof chiqmasligi uchun Buxoro va Afg‘oniston amirliklarining mustaqilligini "bufer" hudud sifatida vaqtincha saqlab qolgan edilar. Biroq har ikki imperiya amirlikni o‘z ta’sir doirasiga tortish uchun turli xil islohotlar vositasida zimdan harakat qilardi. S.Ayniy jadidchilikning tatar, A.Fitrat turk maktabiga yaqin bo‘lgan. Bir muddat tatar maktabida tarjimon ham bo‘lib ishlaydi. Tatar va turk maktablari o‘rtasida ancha tafovutlar mavjud.

Sadriddin Ayniy ikki tuzumda yashadi. Badiiy asarlarida asosan, o‘tmish mavzui qalamga olinadi. Yangi tuzum aks etgan boblarda aniq esda qoladigan biror bir yorqin xarakterni ko‘rmaymiz. O‘tmish hayoti yozuvchi uchun bitmas-tuganmas "qaynar xumcha". O‘tmish mavzusida yozuvchining qalami ravonlashadi, tarix tilga kiradi, moziy kino tasmasidek, ko‘z o‘ngimizdan o‘ta boshlaydi. Qiyoslashlar hayotiy, konkret. O‘ylab topilgan, o‘quvchiga mavhum tushuncha, taqqoslash, ibora, holat, manzara uchramaydi. O‘xshatishlar, tasviriy vositalar qahramonlarning kasb-koridan, kundalik turmushida ko‘rib, ishlatib yurgan narsa, buyum, tushunchalardan olinadiki, bu xarakter qiyofalarini ochishda, ta’sirdorlikni kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

Yangi xarakterning paydo bo‘lishi yangi asardan darak beradi. "Esdaliklar"da bir-biriga o‘xshamagan, bir-birini takrorlamaydigan, ko‘rinishi, kiyinishi, fe’l-atvori o‘ziga xos yuzlab xarakterlarni ko‘ramiz. Xarakterlarning yorqinligi, portretlarning tiniqligi, ruhiy holatlarning psixologik asoslangan va hayotiyligi "Esdaliklar"ga badiiy asar sifatida qarashga undaydi. Bu asarda tarixiy va badiiy haqiqat degan tushunchalar yagona bir nuqtada birlashib, yaxlitlik kasb etganligi tufayli 120-130 yil oldingi Buxoroga kirib borasiz. Mana, Ark, Registon maydoni, madrasalar, savdo rastalari, Labi Hovuz, Minorai Kalon... "Esdaliklar" qalamga olingan hayotning ko‘lamdorligi, universalligi, estetik ta’sirdorligi, haqqoniyligi bilan muhtasham epopeyaning eskizlarini eslatadi.

"Sudxo‘rning o‘limi", "Eski maktab", "Esdaliklar" – mutafakkir rassomning shoh asarlari. Bular shunchaki muzey devoriga osilgan jonsiz suratlar emas. Unda XIX asrning jabru jafolarini, anduhu alamlarini yelkasiga ortib, nurayotgan saltanatning xarobalari aro adolat va iymon izlab, XX asrning jinko‘chalariga kirib borayotgan ijodkorning o‘ychan, nuroniy qiyofasi aks etgan.

Sadriddin Ayniyning eng muhim xizmatlaridan biri shundaki, u o‘zbek va tojik realistik prozasining shakllanishi va rivojiga munosib ulush qo‘shdi. Sho‘ro zamonida adabiyotga qo‘yilgan talablar bilan barcha davrlarga birdek xizmat qila oladigan asarlar yaratish kamdan-kam ijodkorga nasib qildi. S.Ayniy, shubhasiz, shunday ijodkorlar sirasiga mansub.

Shavkat HASANOV,
filologiya fanlari doktori.