Sadriddin Ayniy haqida bilmaganlarimiz ayon bo‘lmoqda. Uchinchi maqola

Bundan tashqari, har ikkala romanning oxirgi boblarida sovet voqeligiga bag‘ishlangan tasvirlar cho‘zilib ketgandek tuyuladi. Agar ana shu sovet voqeligiga bag‘ishlangan o‘rinlarga diqqat qilinsa, asar boshlaridagi ob’yektiv, tabiiy va ayniyona tasvir o‘rnini publitsistik ohang, tashviqot uslubi egallaganligini ilg‘ash qiyin emas. O‘zlikni himoya qilish instinkti ishga tushadi, har ikkala asarning so‘nggi fasllari sotsrealizm metodi tamoyillariga muvofiqlashadi. 

Ushbu romanlar yozilganda yozuvchi 53-56 yoshlar atrofida bo‘lgan. Inson yoshi o‘tgan sari vazminroq, mulohazakorroq bo‘lib boraveradi. Asarlarida yangi voqelikni tarannum etsa-da, yozuvchi har qanday kutilmagan vaziyatga ruhan tayyorlanib, hadik ichida qamalishini kutib yashagan. Bu bejiz emas edi. Asarlarida aytilishi kerak bo‘lmagan ba’zi gaplar uchrardiki, ayniyshunoslar ham bu masalalarni chetlab o‘tishgan. "Qullar" romanining o‘n yettinchi faslida tatar boyining Abdurahimboy uyida mehmon bo‘lish epizodi bor. Shu mehmondorchilik asnosida chorizm siyosatining mohiyati teran tahlil qilinadi.
"…Tatar boyi suyanib o‘tirgan paryostiqdan tiklanib, soviyozgan choyidan ikki ho‘plam ichdi va jismoniy qariligi ustiga qandaydir ruhiy bir tushkunlik sezdirib o‘tirgan Abdurahimboyga qarab:

– Boy og‘a, – dedi, – bizni bunday hurmatlab siylaganingizga rahmat, lekin ne uchun gapirmaysiz yoki uyqungiz keldimi?
– Dunyo buzildi, yurtni rus oldi. Endi qanday qilib musulmon kishining gapirishga tili, quvonishga ko‘ngli boradi, – dedi Abdurahimboy.
– Da… shulay shul, – dedi tatar boyi oldiga qo‘yilgan qaynoq choydan bir-ikki qoshiq ichgach, – musulmon yurtiga kofirlarning oyoq bosishiga, musulmon davlatiga g‘ayridin bir davlatning qo‘l suqishiga hech bir musulmon xafa bo‘lmasdan tura olmaydi. Lekin xudoning taqdiriga ko‘nmaslik, yozmishdan rizosizlik ham musulmon kishining ishi emas…
– Ore, qazoga rizo bo‘lish kerak, – deb imom tatar boyning so‘zini quvvatladi" (88-bet).

O‘sha davrda qaltis hisoblangan bu mavzular talqini personajlar tilidan bo‘lsa-da, boshqa asarlarida ham uchrab turardi. 
Amirlikda jinoyatchilar kaltaklangan, zindonga tashlangan, kamdan kam hollardagina o‘limga hukm etilgan. Arzimas sabablarga ko‘ra, otuvga hukm qilinayotganlar qismati yozuvchini iztirobga solgan, qayg‘uga cho‘mdirgan. U ham oddiy bir inson sifatida inson hayotining naqadar omonatligini, qatli kushning zalvorini chuqur his qilgan. 1936-1938 yillarni adib ijodida ruhiy tushkunlik davri deyish mumkin.
1939 yilga kelib, qatag‘on qutqusi batamom bitmagan bo‘lsa-da, dunyo yangi bir balo – Ikkinchi jahon urushi arafasida edi. "Sudxo‘rning o‘limi" shu yili yozilgan. Asar tez yozilishi mumkin, biroq uni yozishga tayyorgarlik bir pasda amalga oshadigan jarayon emas. Qissa syujeti yozuvchining talabalik davrlaridagi voqealarga asoslangan.

Shavkat HASANOV,
filologiya fanlari doktori.
(Davomi bor).