Sahnada Mahmudxo‘ja Behbudiy

Xabar berganimizdek, viloyat musiqali drama teatrida yozuvchi va dramaturg Farmon Toshev qalamiga mansub “Mahmudxo‘ja Behbudiy” dramasining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi ilk spektakl - “Padarkush” Samarqandda namoyish etilgan. 1914 yilning 15 yanvarida, ayni damda Behbudiy uy-muzeyi sifatida foydalanilayotgan binoda qo‘yilgan teatrga 400 kishi tashrif buyuradi.
Manbalarda aytilishicha, tashqarida yana 300 kishi spektaklni ko‘rish ilinjida kelib, tomoshagohga sig‘may qoladi.
Ha, Behbudiy birinchi o‘zbek dramasining muallifi bo‘libgina qolmay, uni sahnalashtirish jarayonida rejissyor sifatida ham ishtirok etgan.
“Ma’rifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq kerak. Millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq lozim. Millat uchun oyna kerak, toki undan o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘ra olsin”.
Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuotga boshladi. “Padarkush” dramasi shu tariqa maydonga keldi. Ushbu voqeani o‘sha paytdagi milliy matbuot tarixiy kun sifatida e’tirof etadi.
Aytish kerakki, Samarqand viloyat musiqali drama teatrida ham mana shunday tarixiy kun sifatida e’tirof etiladigan voqelik sodir bo‘ldi. Uzoq yillar millat oydinlari – jadidlar hayoti, faoliyati olimlar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa-da, ammo siymosi sahnalarda gavdalantirilmagan edi.
Keyingi yillarda jadidchilik harakatiga alohida e’tibor qaratilishi, ularning millat uyg‘oqligiyu dunyoviy ilm egallashi, murakkab davr bo‘lishiga qaramay, yangi maktablar tashkil etib, gazeta-jurnallarga asos solishi bot-bot tilgan olinmoqda. “Jadid” gazetasining tashkil etilishi, iqtidorli o‘quvchilar uchun ochilgan maktablarning jadid bobolarimiz nomi bilan atalishi, ular ijodining chuqur o‘rganilishi shu ishlarning uzviy bir qismidir. O‘tgan yili “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori e’lon qilinishi esa bu e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi.
Viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev qalamiga mansub “Mahmudxo‘ja Behbudiy” dramasining premerasi bo‘lib o‘tdi. Rejissyor Farhod Boynazarov, sahnalashtiruvchi rassom Bahrom Safoyev va bir guruh teatr ijodkorlarining zahmatli mehnati asosida yuzaga kelgan mazkur spektaklni jamoatchilik qizg‘in kutib oldi. Spektaklda bosh rolni ijro etgan mahoratli aktyor Laziz Mamatqulov, shu teatrning zabardast aktyorlari Baxtiyor Rahimov, Abdulaziz Toshtemirov, Xurshid Baratov va boshqa ijodkorlarning hissasi katta bo‘ldi.
Sahna spektakl qahramonining o‘q ovozlaridan yoshligidagi qo‘rquv bilan bugun, o‘z maktabu, darsliklarini, gazetalarini chop etgan bir millat ziyolisi sifatida qo‘rquvlari bayonidan boshlanadi. O‘sha tahlikali, sho‘rolar mamlakatni bosqinchilik, targ‘ibot, millat oydinlarini qatag‘on qilish kabi minglab usullar bilan egallab olayotgan bir paytda “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnaliga asos solib, odamlarni ilmga, o‘zligini yo‘qotmaslik, mamlakatni yot qo‘llarga berib qo‘ymaslikka da’vat etgan, bolalar uchun darsliklar yozgan millat fidoyisining har qadami o‘lchovli edi.
Spektakl davomida mana shu jarayonlar mahorat bilan ijro etilgan, aktyorlar o‘sha davr millatparvarlari, Behbudiy zamondoshlari va hamfikrlari bo‘lmish Hoji Muiin, Shakuriy, Saidrizo Alizoda, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov qiyofalarini ham mahorat bilan aks ettirgan. Behbudiyning yirik yig‘inlarda chiqib, dumaga saylanganlar orasida mahalliy vakillarning deyarli yo‘qligini tashvish bilan aytishi bugun uchun oddiy holdir, ammo millat manfaati ifoda etilgan har bir so‘z ta’qib etilayotgan davrda bu ulkan qahramonlik edi!
Spektakl davomida maxsus effektlar yordamida o‘yinlar, zamonaviy qurilmalar ostidagi monologlar ijro etilishi asarning ko‘rishliligini yanada oshirgan. Ayniqsa, spektakl yakunida Behbudiyning safar avvalida oila a’zolari bilan xayrlashish sahnasi juda ta’sirli chiqqan. Farzandu, oilasi bilan ko‘zboylog‘ich o‘yini o‘ynab, qahramonning yo‘qolib qolishida qator ramziy ma’nolar bor edi. Chunki so‘nggi safaridan qaytmagan Behbudiy bu bilan endi buyog‘iga mening yo‘qligimga ko‘nikinglar, deganmikan? Yoki millatga qarata endi buyog‘iga ko‘p narsalarga ko‘z yumib o‘tishga majbursizlar, aks holda omonlik yo‘q, deganimikan?
Xullas, bu savollarga spektaklni ko‘rgan tomoshabin o‘zi javob topishi tayin. Darvoqe, premerada viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Spektaklni tomosha qilarkanman, 1914 yilda Samarqandda ro‘y bergan voqea, 300 nafarga yaqin samarqandlik teatrga tashrif buyurib, chipta va joy topolmagani yodimga tushdi. Bugun teatrlarimiz katta maydonni egallagan, ammo millat fidoyisi siymosini ko‘rish uchun yana shu hol takrorlanarmikan, nima deb o‘ylaysiz?
Gulruh MO‘MINOVA.