Sahro cho‘li qumlari ostida topilgan g‘ayrioddiy 5 topilma
Sahara (sahro cho‘li) – maydoni bo‘yicha dunyoda Antarktidadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydigan yirik cho‘l. Tadqiqotchi va arxeologlar qayta-qayta uni o‘rganishga urinmoqda, biroq Sahroi Kabir bilan bog‘liq ba’zi tushunarsiz hodisalar hali ham sir bo‘lib qolmoqda. Hozirgacha Saharada tushuntirishga berilmaydigan 5 ta topilma bor.
Sahroning ko‘zi
O‘tgan asrning 60-yillarida kosmik uchuvchilar cho‘l yuzasida umumiy diametri 50 kilometrni tashkil qilgan, bir-birining ichiga joylashgan bir necha halqalardan iborat g‘alati tuzilgan ob’yektni ko‘rib qolishdi.
Ba’zilar bu tuzilma meteroit qulashi natijasida paydo bo‘lgan deb hisoblaydi, boshqalari esa vulqon hodisalari yoki tuproq nurashi bilan bog‘liq deb o‘ylashga moyil. Taxminlarning har biri tanqiddan tuban va tuzilmalardagi doiralar mukammal shakllanganligini tushuntirishdan yiroq.
Olimlarning fikricha, bu tuzilma bir necha million yil oldin shakllangan. Biroq u qanday paydo bo‘lganini bilish hali ham muvaffaqiyatsiz bo‘lib qolmoqda.
Qum ostidagi qal’alar
10 yillar oldin bir guruh olimlar Sahro qumlari ostida bir paytlar qadimgi Liviya sivilizatsiyasiga tegishli bo‘lgan yuzdan ortiq qal’alarni topishdi. Qadimgi odamlar bu qal’alar yordamida yer osti suv omborlaridan suv olishgan deb taxmin qilinmoqda. Vaqt o‘tgach, suv omborlari qurib, inshootlar Sahro qumiga ko‘milib qolgan.
Liviya shishasi
Cho‘l bo‘ylab oynaga o‘xshash yarimshaffof tosh parchalari tarqalgan. Ba’zi joylardagi qiyaliklar deyarli qumdan emas, balki ushbu oynaning mayda zarralaridan iborat.
Hozirgacha Liviya shishasi qanday paydo bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Bu tog‘ jinsi meteroitning yer bilan to‘qnashuvi yoki chaqmoq chaqnashi natijasida paydo bo‘lgan degan taxminlar olg‘a suriladi.
Suv yo‘llari izlari
Tadqiqotchilar Sahara har doim ham cho‘l bo‘lmaganini ta’kidlab kelmoqda. Bir paytlar unda daryolar oqqan, qurigan daryolar yotqiziqlari buning isbotidir. Ushbu arteriyalardan biri kosmosdan topilgan. Fotosuratda Tamanrasset daryosi Atlantika okeaniga quyilgani ko‘rsatilgan.
Taxminlarga ko‘ra, daryo taxminan besh ming yil oldin qurigan. Agar bu sodir bo‘lmaganida, bugungi kunda u dunyodagi eng qadimgi daryolardan biri hisoblangan bo‘lardi.
Qadimgi okean
Saharada tadqiqotchilar bir necha qadimgi kitlar, akulalar va toshbaqalarning qoldiqlarini ham topishgan. Ularning ko‘pligi olimlarni cho‘l o‘rnida butun bir okean bo‘lgan deb taxmin qilishga undamoqda.
Shu tariqa Sahara hali ham insoniyat uchun juda ko‘p sirlarni o‘zida yashirib kelmoqda. Kim biladi deysiz, uning qumlari ostida yana qancha o‘rganilmagan narsalar yashiringan ekan va kelajakda bu savollarning barchasiga javob topilarmikan?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.