Sakkiz nafar voyaga yetmaganlar uyiga qaytarildi
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda viloyat tibbiyot boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi umumprofilaktik nazorat tadbirlarida bozorlarda, jamoat joylarida maqsadsiz yurgan 16 nafar voyaga yetmaganlar aniqlandi.
Markazga olib kelingan ushbu yoshlar bilan alohida profilaktik suhbatlar olib borilib, ularning qarovsiz va nazoratsiz yurishi, doimiy yashash manzillari va o‘qish joylaridan so‘roqsiz chiqib ketishining sabablari mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, psixologik suhbatlar tashkil etildi. 8 nafar voyaga yetmaganlar ota-onalari bag‘riga qaytarildi hamda holat yuzasidan ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari, mahalla faollari bilan suhbat olib borildi. Qolgan 8 nafar bolalar maxsus maktab-internatlarga yo‘naltirildi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga 142 nafar voyaga yetmaganlar olib kelinib, profilaktik nazoratga olindi.
G‘ofur BOBOBEKOV, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi mutaxassisi.