Samaradorligi yuqori bo‘lgan soliq inspektori mukofot puli oladi
Davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlari xodimlari oldida qo‘yilgan aniq vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda joylarda soliq xizmati xodimlari “mahallabay” tizimida faoliyat yuritmoqda.
Oqdaryo tumanida 35 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 17 nafar soliq inspektori biriktirilgan. Ular mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlab, ularni rasmiy daromad topishga o‘tkazish choralarini ko‘ryapti.
– Menga Mustaqillik va O‘zbekiston mahallalari biriktirilgan, – deydi Shahboz Ergashev. – Hududimda 111 nafar yuridik shaxs, 15 ta fermer xo‘jaligi, 194 ta yakka tartibdagi tadbirkor, 1536 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs faoliyat yuritadi. 2726 nafar mol-mulk solig‘i, 2393 nafar yer solig‘i to‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tgan. 213 nafar deklaratsiya to‘lovchilar mavjud. Fevral oyida barcha yo‘nalishlarda ish samaradorligim yuqori deb topildi. Buning natijasida lavozim maoshimning 100 foizi miqdorida pul mukofoti berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sh.Ergashevga biriktirilgan mahallalarda yanvar oyida 11 ta yakka tartibdagi tadbirkor, 3 ta yuridik korxona, fevral oyida esa 9 ta YaTT va 4 ta yuridik korxona faoliyat boshlagan. Shuningdek 3 ta YaTT va bitta yuridik korxona faoliyati tiklandi.
Mart oyida ham hududdagi tadbirkorlarning soliq majburiyatini oshirishga ko‘maklashgan holda tovar aylanmasi 1 milliard 652 million so‘mga, belgilangan rejaga nisbatan 147 foizga bajarildi.
Hududda o‘tkazilgan xatlov natijasida 14 nafar ishchi o‘rni legallashtirildi, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hisobiga 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 6 nafar o‘zini o‘zi band etgan fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati kengayishi sababli yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
“Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimi ma’lumotlariga asosan joriy yilning fevral oyida Samarqand viloyatidagi ish samaradorligi yuqori deb topilgan mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlarining 50 nafariga lavozim maoshining 50 foizi hamda 31 nafariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida pul mukofoti berildi.