Samarali mehnatning salmoqli natijalari
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘zining pedagogik mahorati, yuqori ilmiy salohiyati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan xodimlar anchagina. Shulardan biri institut moliya kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Jahongir Rasulovich Zaynalovdir.
Jahongir Zaynalov 1950 yil 30 aprelda Samarqand shahrida tavallud topgan. O‘rta maktabni a’lo baholarga tugatib, Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Sa-marqand iqtisodiyot va servis instituti)da o‘qidi. Mazkur dargohni 1971 yilda tamomlagach, mehnat faoliyati shu institut bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri, dekan lavozimlarida mehnat qildi va hozirgi kunda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
U iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish davrida moliya, bank, soliq bo‘yicha tashkilotchilik faoliyatini olib bordi va ushbu jarayonda faollik ko‘rsatdi. Iqtisodiyot rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishda moliya, soliq, bank, sug‘urta kabi sohalar muhim ahamiyat kasb etadi. U ushbu sohalardagi muammolarni ijobiy hal qilishda respublika ahamiyatidagi taklif va tavsiyalarni ishlab chiqdi, ularning aksariyati hukumatning me’yoriy-huquqiy hujjatlarida o‘z aksini topgan.
Professor Jahongir Zaynalov institutdagi o‘quv jarayoni va ilmiy ishlarni takomillashtirish bo‘yicha o‘zining tashabbuskorligi bilan ajralib turadi. Talaba-yoshlarga zamonaviy ta’lim berish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda ilg‘or texnologiyalardan foydalanadi. Ta’lim bosqichlarida nazariy muammolarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda olib bormoqda. Taniqli olim sifatida ko‘plab fan nomzodlari va fan doktorlarini tayyorlab kelmoqda.
Jahongir aka moliya-iqtisod sohasidagi va iqtisodiy o‘sish muammolariga bag‘ishlangan respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkilotchisi va faol ishtirokchisidir. Uning ilmiy faoliyatida moliya-kredit munosabatlar, bank-moliya tizimini rivojlantirish muammolari, xizmat ko‘rsatish sohasida innovatsion munosabatlar, soliq tizimini isloh qilish masalalari keng o‘rin olgan. Bu boradagi ilmiy izlanish va tadqiqotlar mahsuli sifatida yaratilgan monografiyalar, o‘quv adabiyotlar nafaqat yurtimiz, balki xorijlik talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va amaliyot xodimlariga muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yetuk iqtisodchi olim J.Zaynalovning xalqaro darajadagi ilmiy-pedagogik salohiyati e’tiborga olinib u kishi Xalqaro Yevroosiyo Iqtisodiyot akademiyasining akademikligiga saylangan. Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar tomonidan olimning mehnatlari e’tirof etilgan.
Jahongir Zaynalov katta oila boshlig‘i sifatida turmush o‘rtog‘i Hurmat Shokirbekova bilan munosib farzandlarni tarbiyalaganlar, ular jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Sevimli nabiralar ota-onasi, bobosi va buvisi qurshovida shirin hayot kechirmoqdalar.
Mehribon ustoz Jahongir Zaynalovni tavallud kuni – qutlug‘ 70 yoshi bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, u kishiga uzoq umr, mustahkam sog‘liq va kelgusi ilmiy-pedagogik faoliyatida yangi zafarlar tilaymi
Jahonni aylanib, yayov kezsak ham,
Axtarib topmadik sizdayin ustoz.
Xar doim shogirdin kamolin o‘ylab,
Oz-muncha zahmatlar chekdizmi, ustoz?
Nurli kelajakni ko‘rsatib bizga,
Gard yuqtirmaslikka undaysiz ustoz.
Ilm ziyokori,siz – millat qarog‘i,
Ruh ozig‘i – ilm deb yashaysiz ustoz.
Zarhal harflar bilan bugun shogirdlar
Aslida bitadi qalbdagi qo‘rin.
Yo‘qolmas, tuganmas mehringiz ila,
Nomayu, tabriklar yo‘llaydi, ustoz.
Agar nihol bo‘lsak, bog‘bonimizsiz,
Lozim bildik sizga ta’zim qilishni.
Otadek ulug‘siz shogirdlar uchun,
Va albat bor bo‘ling, baxtimiz uchun!
ShOGIRDLARINGIZ.