«Samarkand Half Marathon» xayriya marafoni o‘tkaziladi
1 noyabr kuni yurtimizda an’anaga aylanib borayotgan sport tadbiri — «Samarkand Half Marathon» @samarkandhalfmarathon xayriya yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqa mamlakatimizda ikkinchi marotaba o‘tkaziladi. Bu haqda Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Bu yilgi yarim marafonning asosiy maqsadi — ASB (autizm spektrining buzilishi)ga chalingan insonlar muammosiga e’tiborni qaratish.
Bunday mavzularni chetga surib qo‘ymaydigan va autizm muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etadigan loyihalar mavjudligi juda yaxshi. Yarim marafon saytida yugurish musobaqasi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan tashqari, inklyuziv muhitni yaratish bo‘yicha jahon mutaxassislarining ma’ruzalari va mahorat darslari bo‘yicha katta o‘quv bloki joylashtiriladi. Bu autizmga chalingan bolalarning ota-onalari va aholining ASB haqida bilimini oshiradi.
Istalgan mamlakat fuqarosi xayriya tadbirini qo‘llab-quvvatlashi va Samarkand Half Marathon loyihasida ishtirok etishi mumkin. Bu yil yarim marafon virtual formatda o‘tkaziladi: har bir ishtirokchi joy, vaqt va hatto masofani o‘zi tanlaydi. Ta’kidlab o‘tishim joiz, ushbu yarim marafondan tushgan barcha mablag‘lar O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining birida ASBga chalingan bolalar uchun badiiy studiyani tashkil etishga sarflanadi.
Kelinglar, "Samarkand Half Marathon"ni qo‘llab-quvvatlaymiz. Imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ularga kelajakda yanada mazmunli hayot kechirishiga yordam beradi. Yarim marafon tashkilotchilariga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Ular bizga mana shunday xayriya tadbirlari uyushtirish kerakligini va bu orqali barchamizni yagona ezgu maqsad — haqiqatan ham muhtojlarga yordam berish yo‘lida birlashishimiz mumkinligini ko‘rsatib berdi.