Samarqand aeroportida samolyotlar uchib-qo‘nishi uchun cheklov soat 13:00 gacha uzaytirildi
Bugun, 5 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 4:20 dan ob-havo sharoiti yomonlashgani sababli Samarqand xalqaro aeroportida havo kemalarini qabul qilish va jo‘natish vaqtinchalik cheklov joriy etildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rinish 1000 m.gacha, qor, havo harorati -5, ishqalanish koeffitsiyenti 0,28.
Shu sababli, «Aeroflot»ning Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha SU-1874 reysi va Istanbul-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha Turk Havo Yo‘llarining TK-372 reysi Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘naltirildi.
Fly Dubai aviakompaniyasining reysi ob-havo yomonlashgunga qadar — mahalliy vaqt bilan 03:07 da Samarqand aeroportiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq samolyotning yetib kelishi kechikkanligi sababli Samarqanddan uchish vaqti soat 16:15 ga kechiktirildi.
Hozirda aeroportning yerda xizmat ko‘rsatish xodimlari barcha zarur choralarni ko‘rmoqda – bir necha soat davomida uchish-qo‘nish yo‘lagi va yurish yo‘laklarini maxsus texnika va kimyoviy vositalar yordamida tozalash ishlari olib borilmoqda. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklovlarni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 gacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.