Samarqand ariqlari haqida nimalarni bilasiz?

Samarqandlik keksa ijodkor Tal’at Abdullayev 2017 yilda «Samarqand suvi» kitobini nashrdan chiqargan edi. Fidoyi otaxon yaqinda ushbu kitobni viloyatning ayrim hududlari hamda Samarqand shahar ariqlari, aholi xonadonlarini obi hayotga qondirish bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar, tarixiy faktlar, lavhalar bilan to‘ldirib, qayta nashr ettirdi.

Quyida ushbu kitobdan viloyatimiz aholisi va ekin yerlarini suv bilan ta’minlayotgan Darg‘om, Shavdor, Miyonqol-Xatirchi kabi yirik magistral kanallar, shuningdek, Shaar, Dashtak, Obi Rahmat, Obi Mashhad kabi ariqlari haqidagi sizga ma’lum bo‘lmagan tavsiflarini  berib borishni ma’qul topdik.

Dastlab, Shavdor kanali haqida. Saytimizni kuzatib boring, ariqlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar Sizni e’tiborsiz qoldirmaydi.

Shavdor kanali

Shavdor kanali Tabaksovxoz, Birinjaq, Ukrach suv taqsimlagich to‘g‘onlari orqali Kavarzor, Sho‘rboyi, Toshbarzu, Andijoni, Ko‘lba, Angar–olmos ariqlariga suv yetkazib beradi. Bu ariqlar esa Toyloq va Samarqand tumani hududidagi xo‘jalik yerlarini obi hayotga qondiradi.

Shavdor kanali qachon, kim tomonidan qazilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin rivoyatlarda aytilishicha, Shavdor kanali Xo‘ja Ahror tomonidan qazdirilgan. XIV asr boshlarida aholi bu kanalni hozirgi Xo‘ja Ahror qishlog‘igacha qaziydilar va Shavdor shu yerdan to‘rtta kichik ariqqa bo‘linadi va suv hozirgi Toyloq va Samarqand tumanlari, shuningdek, Samarqand shahriga taqsimlanadi. Mahalliy aholi suv tarqatilgan joyni hali-xanuz «Xazormix», ya’ni mingta qoziq, deb ataydilar va bu yer kattagina qishloqqa aylanadi.

Ayni kunlarda ham Xazormix qishlog‘idan Samarqand shahriga 4 ta ariq orqali suv oqib boradi. Shavdor kanalining boshlanishi Navzandak qishlog‘idan Xazormixgacha bo‘lgan masofa salkam 30 kilometr bo‘lib, o‘tgan asrning 60-70 yillarida kanal boshidan sekundiga 12-15 metr/kub suv oqqan. Keyingi yillarda suvni boshqa kanallarga ham taqsimlash inobatga olinib, yoz kunlari eng ko‘pi bilan sekundiga 6-7 metr/kub obi hayot yetkazilgan bo‘lsa, qishda kanalda aytarli 1 metr/kub ham suv berilmagan.

Shavdor kanalidagi suv damlanadigan birinchi bandni «Tabaksovxoz», deb atashadi. Suv damlanib, birinchi Shohkash arig‘iga boradi. Toyloq tumanining Adas va Shohkash qishloqlari suvdan foydalanadilar, ikkinchi ariq «Do‘lta», deya nomlanib, bu ariq suvidan Uzunqishloq, Eski Juma qishloqlari aholisi bahramand bo‘ladilar. Shavdor kanalining chap tomonidan suv oladigan ariq «Bog‘ishamol» deb ataladi, uni Eroni ariq ham deyishadi. Bu ariqdan o‘tgan asrning 60-yillarigacha Davlatobod, Nayman, Nayzatepa, Qizil askar kabi qishloqlar aholisi suv olgan. Nisbatan ancha katta bo‘lgan bu ariq suvi ana shu qishloqlardan o‘tib, Samarqand shahrining Bog‘ishamol hududi va Temiryo‘l vokzali atrofida yashagan aholi punktlarigacha yetib borgan, shuning uchun bu ariq Bog‘ishamol nomini olgan.

Ariq kichkina emas edi. Undan o‘tgan asrning o‘rtalarigacha sekundiga 5-6 metr/kub suv oqib, bu ariqning nishabli va tezoqar hududlarida ikkita xo‘jalik GESi hamda ko‘plab un tegirmonlari ishlagan. Hozirgi kunda bu ariqning bir qismi ko‘milib, kichrayib qolgan. Bog‘ishamolga boradigan suv boshi «Xazormix»dan oqadi.

Shavdorning ikkinchi katta suv to‘g‘oni «Birinjak», deb nomlangan, bu joyda suv damlanib, Toyloq, Qirq tentak, Xo‘ja Sahoi Valiy, Ravot, Mulkiayoz, Sochakibolo, Sochakipoyon, 8 mart kabi qishloqlarga boradi. Uchinchi suv damlanadigan to‘g‘on «Ukrach» bo‘lib, Nayman qishlog‘ining bir qismi, Ukrach, Mulkayoz, Chorbog‘ qishloqlari suv oladi. Chorbog‘ qishlog‘idan pastroqda oqadigan Kavarzor kanali Shavdor kanalidan suv olib, Sho‘rboyi va Sochak qishloqlari hududidan o‘tib, Bog‘itillo, Badal, Rajabamin qishloqlari aholisini obi hayot bilan ta’minlaydi. Ariq shu zaylda oqib, Samarqand shahrining Shohi Zinda majmui pastidan o‘tib, Siyahob kanaliga borib qo‘shiladi.

Kavarzor kanalining Panjakent yo‘lini kesib o‘tadigan qismini «Pulimug‘ob» deb atashadi, ayrimlar esa «Obi Mashhad», deb ham nomlashadi. O‘tgan asrning 60-yillarigacha Kavarzor kanalidan sekundiga 4-5 metr/kub suv oqib, o‘z yo‘lidagi 2-3 ta suv elektrostansiyalari (GES) va ko‘plab suv tegirmonlarini yurgizgan.