Samarqand davlat chet tillar institutida turk tili yo‘nalishi ochildi

Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar institutida 12 000 dan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Institutda 8 ta fakultet, 28 ta kafedra mavjud bo‘lib, 2023-2024 o‘quv yilida bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga jami 2045 ta kvota ajratildi.

Shuningdek, sirtqi ta’limga 50 ta, kechki ta’limga 950 ta, magistraturaga 212 ta kvota belgilandi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Joriy yilda bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida “O‘zga tilli guruhlarda rus tili”, “Filologiya va tillarni o‘qitish: turk tili” yo‘nalishlari ochildi, - dedi institutning yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Otabek G‘aybullayev. – Shuningdek, sirtqi ta’limda “Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili” yo‘nalishi, magistratura bosqichida “Lingvistika: rus tili” yo‘nalishlari ochildi.

Bugungi kunda institutda oltita til o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda. Markazlarda yiliga 2500 dan ortiq abituriyent chet tillarga o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘qitishni yanada ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 9 ta kollej va texnikumlarda nemis tili o‘quv kurslarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

2022-2023 o‘quv yilida “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turadigan talabalarning jami 19 nafariga 37 million 871 ming so‘m miqdorida kontrakt to‘lov pullari institut tomonidan to‘lab berilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtojligi bor talabalarning 71 nafariga 36 million 769 ming 500 so‘m miqdorida moddiy yordam berilgan.

Matbuot anjumanida talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham ma’lumot berildi. Joriy yilning fevral oyida yaroqsiz holatda turgan 1000 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan holda foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda 7 qavatli 2000 o‘rinli o‘quv binosini qurish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Jumladan, 1 ta ochiq sport maydoni, 1 ta yopiq sport majmuasi, 1 maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 1 ta xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab qurish ishlari ham istiqboldagi rejalardan o‘rin olgani aytildi.

Hozirda qabul jarayonlarini muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida institutda qabul komissiyasi tuzilgan bo‘lib, Call-markaz hamda maslahatlar markazlari faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan. Undagi xodimlar abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga muntazam xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Aholiga yanada yengillik yaratish maqsadida institut faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borilmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.