Samarqand davlat universiteti Ulug‘bek madrasasining vorisi
Avval xabar berganimizdek, 16-17 iyul kunlari Samarqand shahrida “Samarqand davlat universiteti – Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, YuNESKOning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari Krista Pikat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ma’ruza qildi.
- Mirzo Ulug‘bekning Movarounnahr temuriylar saltanatini boshqargan qariyb 40 yillik davri mobaynida uning Samarqand, Buxoro, G‘ijduvondagi madrasalaridan yetishib chiqqan olimlarning katta ilmiy maktabi shakllandi, - dedi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. - Ulug‘bek yaratgan ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim faoliyat olib borgan. Ayniqsa, madrasada astronomiya, matematika, geometriya fanlariga bag‘ishlangan bir qator qo‘llanmalar yaratilgan. Markaziy Osiyo mintaqasidagi buyuk tamaddunlar bir-birining mantiqiy davomi sifatida o‘rtaga chiqqan. Bu sivilizatsiyalarning jon tomirlari bo‘lgan madrasalar tizimi ham davrlar osha rivojlanib va takomillashib kelgan. Shu ma’noda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining bevosita vorisi bo‘lib, uning ta’sis etilish tarixi ham (1420 yilga) madrasaning ta’sis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu esa Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasai oliyaning bevosita davomchisi, deb xulosa chiqarishga asos bo‘ladi.
Xalqaro onlayn ilmiy konferensiyada olimlar Samarqandda ilm-fan rivoji qadimdan taraqqiy etib kelganini e’tirof etdilar. Ikki kun davom etgan tadbirda mahalliy va xorijlik olimlarning 30 ga yaqin ma’ruzalari tinglandi.
Xurshida Ernazarova.