Samarqand do‘stlik chorrahasidagi shahar

Mamlakatimizda 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar faoliyat yuritsa, 100 dan ortiq millat va elat vakillari hamjihatlikda yashab kelmoqda.

Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan markazlar soni 11 tani tashkil qiladi. Ular millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

Xususan, koreys, arman, tatar-boshqird, nemis, yahudiy, polyak, tojik, rus, turk, ozarbayjon milliy madaniy markazlari hamkorligi uchun ham sharoit mavjud. Ya’ni, ushbu markazlar barcha sharoitlarga ega bo‘lgan "Do‘stlik uyi"da faoliyat ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mazkur madaniy markazlar o‘z faoliyatlarini faol olib borib, turli tadbirlar, xayrli ishlar qilmoqda.

Milliy madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan raqs, ashula va cholg‘u ansambllari esa turli millat madaniyatini yanada rivojlantirish va kelgusi avlod vakillariga yetkazishda juda muhim o‘rinni egallaydi. Xususan, Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Samarqandda faoliyat olib borayotgan nemis milliy madaniy markazi tomonidan tadbir o‘tkazildi.

- Bir necha millat vakillarining bir mamlakatda totuv istiqomat qilishi o‘sha davlatning bag‘rikeng siyosati, barcha millat vakillariga o‘zaro hurmati natijasidir, - deydi Samarqand nemis milliy madaniy markazi rahbari Natalya Kayzer. - Shu yurt fuqarosi sifatida 2017 yilda "Shuhrat" medaliga sazovor bo‘lganimdan faxrlanaman. Bugun Samarqandda istiqomat qilayotgan yuzlab nemis diasporasi vakillari bilan milliy bayramlarni doim o‘tkazib boramiz.

Kecha Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan "Konigil" turistik qishlog‘ida bayram tadbiri o‘tkazdik. Milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Qolaversa, xotin-qizlarimiz nemis milliy kashtachilik namunalarini namoyish qildilar. Bolalar do‘stlik mavzuida suratlar chizishdi.

Shuningdek, diasporamiz 3000 yillik Samarqand qog‘ozi ishlab chiqish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi.

Samarqand azaldan ko‘p millatli shahar sifatida e’tirof etilib, aholi bir necha millat vakillarining do‘stona, o‘zaro hurmat muhitida yashashga ko‘nikkan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda urf-odat, an’analar ham qorishiq, biri birini to‘ldirib, uyg‘unlashtirib, avloddan avlodga o‘tib boraveradi.