Samarqand elektr tarmoqlari korxonasidan tadbirkorlarga 400 million so‘mdan ko‘proq undirib beriladi

Bunga korxona Kattaqo‘rg‘ondagi issiqxonalarni ogohlantirmasdan ta’minotsiz qoldirgani sabab bo‘lgan.

Ishdagi hujjatlarga ko‘ra, “Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda” MChJ va “Murodullo Bobo-N.F.M.” fermer xo‘jaligi poliz ekinlari yetishtirish hamda aholini erta bahorda poliz ekinlari bilan ta’minlash kabi savobli, bir vaqtning o‘zida daromadli ishga qo‘l urgan. Buning uchun tijorat banklarining kreditlari hisobiga Xitoydan keltirib texnologiya asosida issiqxona qurib, aholi, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlagan.

Issiqxonani yuritish uchun “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bilan shartnomaviy munosabatga kirishib, intizomli to‘lovchi sifatida sarflangan elektr energiyasi haqini vaqtida to‘lab kelgan. Biroq 2020 yil 18 noyabrdan 19 noyabrga o‘tar kechasi 6 soat mobaynida hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzib qo‘yilgan. Oqibatda pomidor va bodring yetishtirilayotgan issiqxonada harorat pasayib, hosil muzlab qolgan va nobud bo‘lgan.

O‘sha kuni tadbirkorlarga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, jamiyatga xizmat ko‘rsatuvchi bank vakillari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi raisi, tuman IIB boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha tuman vakili, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi hamda jamiyat vakillari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tadbirkorlarning manfaatini ko‘zlab, elektr korxonasining aybi bilan yetkazilgan zararni undirish maqsadida Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizalari kiritildi.

Sud nizolarni qonun doirasida ko‘rib chiqib, javobgar “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJdan “Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda” MChJ foydasiga 88 million so‘m, “Murodullo Bobo-N.F.M.” fermer xo‘jaligi foydasiga 332 million 577 ming 500 so‘m yetkazilgan zararni undirish haqida hal qiluv qarorlari qabul qildi.

I.Hamroqulov,

Samarqand shahar iqtisodiy sudining sudyasi.

R/S: Ijrochilar tadbirkor manfatlari qanoatlantirilgani haqida jamoatchilikka ma’lum qilishadi, degan umiddamiz.