Samarqand ilmiy salohiyatini oshirgan akademiklar

«Zarafshon» gazetasi tahririyati «Samarqand akademiklari» risolasini chop ettirib, Sharqning gavhari bo‘lgan Samarqandning azaldan ilm-ma’rifat markazi ekanligini yana bir bor keng kitobxonlar ommasiga eslatib qo‘ydi.

Sohibqiron Amir Temur hukmronligi davrida dunyoning turli mamlakatlaridan jahonga mashhur me’morlar, olimlar, mashshoqlar, hunarmandlar Samarqand shahrida jam bo‘lishgan. Mirzo Ulug‘bek tashkil etgan Madrasai oliyada diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar: astronomiya, matematika, huquqshunoslik (fiqh), tibbiyot, adabiyot va boshqa fanlar chuqur o‘rgatilganligi sir emas. Ushbu Madrasai oliyaning vorisi bo‘lgan Samarqand davlat universiteti haqli ravishda bugungi kunda 603 yoshga to‘lganligini e’tirof etish lozim, deb bilaman.

Samarqandda dastlab tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, qishloq xo‘jaligi instituti, kooperativ instituti o‘z sohalari bo‘yicha malakali, ilmiy kashfiyotlari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan olimlarni yetishtirib bergan va hozirgi kunda ham bu ishlar davom etmoqda. Risolada qayd etilgan yigirma to‘qqizta akademikning aksariyati men yaqindan tanigan, ko‘plarining suhbatlaridan bahramand bo‘lgan insonlar ekanligidan faxrlanaman.

Ayniqsa, akademik Vohid Abdullayevning turli davralarda, auditoriyalarda va radio orqali so‘zlagan jo‘shqin nutq va ma’ruzalarini talabalik davrimizda tinglab, madaniy ozuqa olganmiz. Shuningdek, Toshpo‘lat Shirinqulov, Boturxon Valixo‘jayev, Erkin Ergashevlarning hayotbaxsh suhbatlari xayolimdan ketmaydi. Akademiklarning sakkiz nafari Samarqand davlat tibbiyot instituti bitituvchilari bo‘lgan. Isoq Musaboyev, O‘ktam Oripov, Islom Zokirov, Nurmuhammad Muharlyamov, Rahim Hayitov, Hamid Mansurovning nomlari, ilmiy maqolalari, ixtirolari dunyoga mashhurdir. Ular haqida risolada batafsil ma’lumotlar berilgan.

Akademik I.Zokirovning shogirdi bo‘lganligim uchun ustozimning shifokorlar uchun namuna bo‘ladigan ba’zi bir xislatlarini eslab o‘tmoqchi edim.

Islom Zohidovich o‘ta madaniyatli, xushmuomala, o‘tkir zehnli, xushchaqchaq, oilasi va shogirdlariga mehribon inson edi. Anton Pavlovich Chexov (asli kasbi vrach bo‘lgan) «Vrachning yuzi ham, qalbi ham, kiyimi ham chiroyli bo‘lishi kerak», degan. Xuddi shunday, Islom Zokirovning egnidagi xalat, boshidagi qalpoqcha doimo oppoq, kraxmallangan, dazmollangan, ko‘rgan kishining havasi keladigan darajada bo‘lar edi. Talabalarga ma’ruza o‘qigani kirganlarida hamma bilan salomlashib, sizlab gap boshlar edi.

Institutni bitirib, 1969 yilda ustoz rahbarlik qilayotgan akusherlik va ginekologiya kafedrasiga klinik ordinator bo‘lib ishga kelganimda domladan hayotiy tajribalari, ish yuritish uslubi, dars berish mahorati, bemorlarga bo‘lgan munosabat, davolash va operatsiya jarayonlari bo‘yicha bir umrlik saboq olganman.

1980 yil oktyabr oyidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bosh akusher-ginekolog bo‘lib ishga o‘tganimda, ustoz menga kafedrada yarim shtat assistent bo‘lib ishni davom ettirishimni tayinladilar. Chunki oliy ta’lim muassasasida talabalarga dars berish, birinchidan, bilim darajasining mustahkamlanishiga xizmat qiladi, keyin esa o‘qituvchidan ta’lim olgan bo‘lg‘usi vrachlar respublikamizning turli viloyat va tumanlaridagi shifoxonalarda ishlaydilar. Vaqti kelib, ish yuzasidan yo‘lingiz tushib tumanlarga yoki shaharlarga borsangiz, sizdan ta’lim olgan, qarshingizdan chiqqan shogirdingiz «Assalomu alaykum, domla, xush kelibsiz!» deb peshvoz chiqsa, boshingiz ko‘kka yetgudek xursand bo‘lasiz. Shuning uchun bu dargohni hech qachon tark etmasdan, har ikkala ishni ham birga bajaravering, deb to‘g‘ri maslahat bergan edilar.

I.Zokirov O‘zbekiston Respublikasida Onalik va bolalikni muhofaza qilish, akusherlik va ginekologiya fanining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan, dunyoga taniqli olim sifatida 1995 yilda mamlakat akusher-ginekologlaridan yagona O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi. Domla bilan viloyatimiz tumanlari, qo‘shni viloyatlar aholisi o‘rtasida oilani rejalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari, ilmiy amaliy anjumanlar tashkil etib, soha mutaxassislarining malakasini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratilar edi.

2021 yil yanvar oyida akademik Zokirov tavalludining 95 yilligi oldidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining rektori, professor J.Rizayevning tashabbusi bilan domla rahbarlik qilgan 1-son akusherlik va ginekologiya kafedrasiga akademik I.Z.Zokirov nomi berildi va universitetning morfologiya binosiga barelef o‘rnatildi.

Talabalikdan yaxshi bilganligim uchun akademik Eshchanov Tursunboy Boyjanovich haqida ham qisqacha ma’lumot bermoqchiman.

T.Eshchanov 1965 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirib, farmakologiya kafedrasida stajor-tadqiqotchi, keyinchalik assistent lavozimida ishlab, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishga ketgan edi. Bizning guruhimizga farmakologiya fanidan dars o‘tgan paytlarida u kishining o‘ziga va talabalarga nisbatan o‘ta talabchanligi, ishchanligi va fidoyi inson ekanligi sezilib turar edi. T.Eshchanov o‘tkir zehnli, quvvai hofizasi juda mustahkamligiga guvoh bo‘lganman. 1997 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligining ishchi guruhi a’zosi sifatida Nukus shahriga borib, Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri T.Eshchanov bilan uchrashishga to‘g‘ri kelgan. Kabinetiga kirib salomlashgandan so‘ng «Yaxshinor, Qoraqalpog‘istonga xush kelibsan», deganda 30 yil o‘tgandan so‘ng ham o‘zi o‘qitgan talabani eslab qolganligiga, xotirasiga qoyil qolganman. Ana shunday olim jahonga mashhur kashfiyotlar qilib, haqli ravishda akademik darajasiga erishganligidan mamnunman.

Samarqandlik jahonga mashhur yana bir akademik Rahim Hayitov to‘g‘risida ham qisqacha o‘z fikrimni bayon etishni lozim deb topdim. Rahim Musayevichni talabalik davrimizdan yaxshi bilaman. Mendan ikki kurs oldin o‘qir edi. Rektorning, keyinchalik Samarqand shahar partiya qo‘mitasi birinchi kotibining o‘g‘li bo‘lishiga qaramasdan, institutdagi eng namunali xulq egasi, iqtidorli, a’lochi talaba edi. Talabalik davridan ilmiy izlanishlar olib borib, 1967 yil institutni bitirgandan so‘ng sakkiz oy o‘tib, 1968 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan edi. Men klinik ordinator paytimda Rahim Musayevichning onasi dotsent Zoya Ma’rupovna Rasuliyga shogird sifatida biriktirilgan edim. Shu tufayli R.Hayitovning keyingi faoliyati bilan ham yaxshi tanishman.

Samarqandliklar uchun eng quvonarlisi shundaki, mening bilishimcha, sobiq sho‘rolar davrida O‘zbekistondan bir nafar SSSR Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lar edi, u kishi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti Obid Sodiqov edi. Undan keyingisi SSSR tarqalgandan keyin Rossiya Meditsina Fanlar akademiyasi va Rossiya Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Rahim Musayevich Hayitov edi. R.Hayitov 1988 yildan 2014 yilga qadar 26 yil davomida Immunologiya ilmiy tadqiqot institutiga rahbarlik qildi.

Aytish mumkinki, jamiyatda olamshumul kashfiyotlar yaratgan samarqandlik akademiklar to‘g‘risida risola chop etilib, kitobxonlarga taqdim etilishi ham olamshumul voqea, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yaxshinor ALLAYoROV,
SamDTU dotsenti.