Samarqand iqtisodiy va madaniy salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi

Samarqand mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Bu zaminda ulug‘ allomalarimiz, buyuk sarkardalarimiz, jonajon Vatanimizni jahonga tanitgan aziz ajdodlarimiz xoki mangu qo‘nim topgan. Ushbu muqaddas maskanlarni ziyorat qilish uchun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar keladi. Ular uchun munosib shart-sharoit yaratish, muborak qadamjolarni obod etish davlatimizning doimiy e’tiborida va bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Hazrati Xizr majmuasida — mamlakatimiz mustaqilligi asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu orom topgan maskanda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari misolida ham ko‘rish mumkin. 

Davlatimiz rahbari har safar Samarqandga tashrifini ushbu majmua ziyoratidan boshlaydi. 
Shavkat Mirziyoyev bu gal ham Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. 
Shu kunlarda ushbu majmua mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan har qachongidan ham gavjum. Davlatimiz rahbari ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, majmua atrofini yanada obodonlashtirish bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi. 
Ulug‘ mutafakkir, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasi ziyorati chog‘ida Prezidentimiz ushbu maskanni zamon talablariga mos rekonstruksiya qilish hamda uning atrofida sayyohlar uchun barcha xizmat turlarini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma ob’yektlari qurish loyihalari bilan tanishib, ularni sifatli amalga oshirish uchun mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Ta’mirlash ishlarini majmua hududini uch qismga ajratgan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish mo‘ljallangan. Avvalo, yodgorlikning old qismini ikki qavat qilib ko‘tarish, masjidni kengaytirish, 250 o‘rinli zal, yuqori martabali mehmonlarni kutish xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. 

Majmua ro‘parasida mehmonxonalar, bozor, gipermarket, savdo va maishiy xizmat majmualari, kafe va choyxonalar, milliy hunarmandlik ustaxonalari, sport maydoni qurish rejalashtirilgan. Ushbu hudud va majmua o‘rtasida favvoralardan iborat 850 metrlik alleya, uning yonida fransuz uslubida landshaft dizayni asosida bahavo yo‘laklar barpo etiladi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida majmua yaqinida mahalliy va viloyatlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar uchun avtovokzal hamda 700 o‘rinli avtomobillar to‘xtash joyi quriladi, majmuaga olib boruvchi yo‘l bo‘yida qishloq aholisi uchun ikki qavatli turar joylar bunyod etish belgilangan.
Bu ishlar amalga oshirilgach, ziyoratgohda bir vaqtning o‘zida 3-4 ming sayyohga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
— Buyuk allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qo‘shgan betakror hissasi to‘g‘risida so‘z ketganda, eng avvalo, haqli ravishda musulmon olamida "muhaddislar sultoni" deya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomi tilga olinadi, — dedi Prezident.

Ma’lumki, ziyoratgohga tutash hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bunyod etilmoqda. 
— Bu majmua nafaqat mamlakatimiz xalqi, balki butun islom dunyosi uchun qadrli hisoblanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 
Markazning ma’naviy-ma’rifiy ishini tashkil qilish, uning ilmiy-nazariy konsepsiyasini yaratish va ana shu asosda o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar ishlab chiqish, Imom Buxoriy asarlari tadqiqotiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. 
Davlatimiz rahbari tashrif doirasida Oqdaryo tumanidagi "Daromad baxt omad" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxona bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan ishchilar bilan suhbatlashdi.

Gidroponika — bu o‘simliklarni sun’iy muhitda tuproqsiz yetishtirish usulidir. Unda o‘simlik ozuqani ildizini o‘rab turgan eritmadan oladi. 
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksportbop mahsulot yetishtirish maqsadida barcha hududlarda gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etilmoqda. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 
"Daromad baxt omad" mas’uliyati cheklangan jamiyatida hozir 4 gektar maydonda gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxonada pomidor parvarishlanmoqda. 22 doimiy, 30 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Issiqxonaning dastlabki hosilidan 220 tonnadan ortiq mahsulot yig‘ishtirib olinib, uning qariyb teng yarmi Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi. 
— Oqdaryo tumanini paxtadan ozod qildik, — dedi Prezident. — Tumanning zax, toshloq yerlariga gidroponika juda mos. Bunday issiqxonalarni kengaytirish, nima bozorbop bo‘lsa, shuni ekish kerak. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun mutaxassislar tayyorlash zarur. 

Shu yerda viloyatda parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, meva-sabzavot yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Prezident loyihalar qamrovini oshirish, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari soya yog‘i xaridorgir va sog‘liq uchun foydali ekani, uning shroti parranda uchun zarur ozuqa bo‘lishini ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni keng ko‘lamda davom ettirish va rivojlantirish uchun soya yetishtiruvchilar assotsiatsiyasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezidentimiz Oqdaryo tumanidagi "Mushtariy Oqdaryo" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik fabrikasida bo‘ldi.
O‘tgan yil ish boshlagan ushbu korxonada xotin-qizlar va bolalar uchun 20 xilga yaqin trikotaj mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Tabiiy matodan tayyorlanayotgan sifatli kiyim-kechaklarning asosiy qismi Rossiya, AQSh va Qozog‘istonga eksport qilinmoqda. Bu yerda ayni paytda 500 nafarga yaqin xotin-qiz, jumladan, kollej bitiruvchilari mehnat qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev fabrikaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Bunday zamonaviy korxonalar iqtisodiyotni barqarorlashtirish, aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutishini, shu kabi fabrikalarni har bir tumanda kamida ikkitadan tashkil etish, trikotaj klasterlari yaratish zarurligini ta’kidladi.
— Birinchi navbatda, iqtisodi nisbatan og‘ir bo‘lgan Qo‘shrabot, Nurobod singari tumanlarda bu kabi trikotaj korxonalarini tashkil qilishimiz kerak, — dedi Prezidentimiz. — Yetishtirilayotgan paxta hosilini imkon qadar viloyatlarning o‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotishni yo‘lga qo‘yish har jihatdan foydali bo‘ladi. Qancha ko‘p ish o‘rni yaratsak, aholi bizdan shunchalik ko‘p rozi bo‘ladi, turmush farovonligi yaxshilanadi.
Shu yerda "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar, viloyatda tashkil etiladigan kichik sanoat zonalari va mini gidroenergetika stansiyalari loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Kattaqo‘rg‘on shahri misolida Jahon banki ishtirokida kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish dasturi haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyiha va dasturlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Samarqandda "KamAZ" avtomobillari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishuv chog‘ida Prezidentimiz mahalliylashtirishni kengaytirish, avtomobillar eksportini oshirish lozimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev Ishtixon tumani "Humo" mahalla fuqarolar yig‘inidagi Xina qishlog‘ida "Ishtixon tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. 
Prezidentimizning 2017 yil 10 oktyabrdagi "Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori aholi daromadini ko‘paytirish, tomorqadan unumli foydalanishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Joriy yilda tashkil etilgan jamiyat yuqori navli ko‘chat va urug‘ yetishtirish, tarqatish, zotdor chorva mollari yetkazish, aholi tomorqasiga texnik xizmat ko‘rsatish, o‘simliklarga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish xizmatini tashkil qilish, yetishtirilgan mahsulotni sotib olish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda. 
Xina qishlog‘ida 1 ming 200 dan ziyod aholi tasarrufida bugungi kunda 34,2 gektar tomorqa mavjud. Bu yerda tomorqadan unumli foydalanish, oila farovonligini ta’minlash bilan birga dasturxonimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Davlatimiz rahbari shu qishloqda yashovchi Toshquvvat Rajabov xonadoniga tashrif buyurdi.
71 yoshli Toshquvvat ota 14 farzandni el koriga yaraydigan inson qilib tarbiyalagan. Bugungi kunda ular qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida yurtimiz taraqqiyoti uchun mehnat qilmoqda. Otaxon tomorqasida issiqxona qurib, pomidor va bodring parvarishini yo‘lga qo‘ygan. Bu yil tomorqadan 10 million so‘m daromad olishni mo‘ljallamoqda.
Shu yerda "Obod qishloq" dasturi asosida Nurobod tumani Jom qishlog‘ini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bog‘cha, dehqon bozori, turar joy binolarini ta’mirlash, qishloq vrachlik punktini rekonstruksiya qilish kabi muhim loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

— Tomorqadan qishin-yozin daromad olsa bo‘ladi. Biror qarich yer bo‘sh turmasligi lozim, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirishimiz kerak, — dedi davlatimiz rahbari. 
Shu kuni Past Darg‘om tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. 
Aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, 11 ta qishloqlararo va tumanlararo yangi avtobus yo‘nalishlari ochish, viloyatda qo‘shimcha 642 namunaviy loyihadagi arzon uylar qurish, ayollar va yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish masalalari haqida so‘z yuritilib, mutasaddilarga bu borada topshiriqlar berildi.
Tuman va shaharlardagi tadbirkorlar, ziyolilar, nuroniylar va yoshlar vakillari bilan muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topildi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahrida Markaziy harbiy okrug shtabi va Milliy gvardiya bo‘linmasi faoliyati bilan tanishdi. 

Bu yerda davlatimiz rahbariga Samarqand harbiy-ma’muriy sektorida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. 
Askar va ofitserlar bilan muloqot chog‘ida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi. Bu borada tegishli dasturlar asosida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy texnika va aloqa vositalari bilan ta’minlash, yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash hamda milliy armiyamiz salohiyatini oshirish, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

O‘zA materiallari asosida tayyorlandi.

 

Prezidentimiz 2017 yilda viloyatga tashriflari chog‘ida Samarqand shahri va boshqa tuman, shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarni jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida yangi sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi.  Mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi oshdi. Zamonaviy uy-joylar, infratuzilma ob’yektlari bunyod etildi. Tashriflar chog‘ida taqdimoti o‘tkazilgan 15 ta loyiha ishga tushirildi, 18 tasi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2017 yilda viloyat yalpi ichki mahsuloti hajmi 18 trillion 319 milliard so‘mga yetib, 102 foizga bajarildi. Tashqi savdo aylanmasi 
1 milliard 
96 million dollarni tashkil etdi. 

Yil davomida xorijiy sarmoya ishtirokida 56 ta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 291 taga yetdi. 3259 ta kichik biznes sub’yekti yangidan faoliyat boshladi va mazkur tarmoqning viloyat yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 78 foizni tashkil etdi.

Viloyatni hududiy rivojlantirish dasturlariga 
asosan sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida 2252 ta loyiha amalga 
oshirilib, 
20 ming 300 ga yaqin yangi ish o‘rni 
yaratildi.

Investitsiya dasturi asosida respublika byudjetidan ajratilgan 148,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 178 ta ijtimoiy soha ob’yektida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Joriy yilda esa viloyat bo‘yicha 229 ta ijtimoiy soha ob’yektida 674,5 milliard so‘mlik qurilish ishlari olib boriladi.