Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisi hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi G‘afur Javlonov (ism, familiyalar shartli) 1993 yil Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan.
Vaqtincha ishsiz bo‘lgan bu fuqaro o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgandi. U shu maqsadda 2019 yil iyul oyida Sitora Hamidovaning ishonchiga kirib, uni va qarindoshi Lola Hamidovani Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga o‘zining mansabdor tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, ishontiradi.
Ya’ni, G‘.Javlonov yangi tanishlarini mansabdor tanishlariga moddiy qimmatliklarni berishga qiziqtirib qo‘yadi. Shu orqali 2019 yil 30 iyul kuni S.Hamidovadan 100 million 222 ming 500 so‘mga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi 11 ming 500 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Biroq bu “farahbaxsh lahzalar” uzoqqa cho‘zilmadi. U huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Sud ishida G‘afur Javlonov S.Hamidova va uning qarindoshini institutga o‘qishga kiritish borasida biron-bir mansabdor shaxsga uchrashmaganligini va gaplashmaganligini, shu vaqtlarda pulga muhtoj bo‘lganligi sababli jabrlanuvchi o‘z bilimi bilan o‘qishga kirib ketsa, yordam qilganligini aytib, pullarini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganligini bildirgan. U jabrlanuvchilarni ishontirish maqsadida tanishlari orqali o‘qishga kiritishini aytib aldaganligini, bu qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini, unga qonuniy yengillik berishlikni so‘ragan.
G‘.Javlonov jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish, firibgarlik va boshqa holatlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topildi.
Sud hukmi bilan unga 4 (to‘rt) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, yashash joyidan kechqurun soat 22:00dan ertalab soat 06:00ga qadar chiqishi cheklandi.
Shuningdek, ozodlikni cheklash davomida muayyan joylarga, ya’ni (kafe, bar, restoranlarga) bormaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Samarqand viloyati hududini tark etmaslikdan iborat qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatildi.
Islom ShEROV,
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi surishtiruv bo‘limi boshlig‘i,
Bobir XOLMUHAMEDOV,
boshqarma katta inspektori.