Samarqand iqtisodiyoti: 2021 yil barqaror o‘sish davri bo‘ladi

2020 yil yakunlanyapti. Tabiiyki, yil oxirida har bir korxona, tashkilot, muassasa o‘tgan yilda qanday ishlarni amalga oshirgani, nimalarga erishganini sarhisob qiladi, kamchiliklaridan xulosa chiqaradi. Shu jihatdan viloyatimiz iqtisodiyoti uchun bu yil qanday kechdi? Qayerda yutdik, qayerda yutqazdik? Qaysi muvaffaqiyatlardan andaza olishimiz, qaysi yutqaziqlarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak?

Pandemiya pand berdi, ammo tadbirkorlar imtiyozdan bahramand bo‘ldi

2020 yil uchun viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasida ko‘plab reja va maqsadlarni belgilab olgan edik. Biroq jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi ushbu rejalarni amalga oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.

Ammo davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona siyosat, o‘z vaqtida qabul qilingan qaror va farmonlar hamda belgilangan chora-tadbirlar pandemiyaning salbiy ta’sirini yumshatishga xizmat qildi. Birgina misol, Prezidentimiz farmoni bilan Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan viloyatimiz uchun 637,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Uning 147,3 milliard so‘mi koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga sarflandi, infratuzilma loyihalari va investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun 334,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga 122,7 milliard so‘mlik ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlandi, aholini o‘zini-o‘zi band qilish tadbirlari uchun 16,7 milliard so‘m, ishsiz fuqarolarni qisqa muddatli jamoat ishlariga jalb etish uchun 15,8 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, pandemiya davrida iqtisodiyot tarmoqlari uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kichik biznes sub’yektlariga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Jumladan, 19655 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 37029 ta mikrofirma va kichik korxonaga 272 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi. 265 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektning 7,8 milliard so‘m soliq to‘lov muddati kechiktirildi, 3360  korxonaning 1,4 milliard so‘m soliq qarzi va penyasi hisobdan chiqarildi. 1540 ta kichik tadbirkorlik sub’yekti 7,1 milliard so‘m mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etildi.

Soliq stavkasining pasaytirilishi hisobiga yakka tartibdagi tadbirkorlar ixtiyorida 6,8 milliard so‘m, mikrofirma va kichik korxonalar ixtiyorida 77,1 milliard so‘m mablag‘ qoldi. Karantin tufayli faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan 11222 ta tadbirkorlik sub’yektiga 17,5 milliard so‘m soliq, 776 ta tadbirkorlik sub’yekti uchun 1,3 milliard so‘mlik davlat mulki ijarasi to‘lovi hisoblanmadi, 8 276 ta kredit shartnomalari bo‘yicha tadbirkorlarning salkam 1,5 trillion so‘mlik kredit to‘lovlari muddati uzaytirildi.

Natijalar imtiyozlarga yarasha

Yaratilgan mana shu imtiyozlar evaziga iqtisodiy natijalar salmoqli bo‘ldi. Bularni quyidagi raqamlarda ko‘rish mumkin: yalpi hududiy mahsulot hajmi 9 oyda 29,4 trillion so‘mni (o‘tgan yilning mos davrida 26,7 trillion so‘m), sanoat mahsulotlari hajmi 10 oyda 14,1 trillion so‘mni (o‘tgan yili 12,6 trillion so‘m), qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 9 oyda 23,2 trillion so‘mni (o‘tgan yili 21 trillion so‘m) tashkil etdi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi, qurilish-pudrat ishlari, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajm ham o‘sdi.

Yil yakuni bilan bu raqamlar yana ijobiy tomonga o‘zgaradi. Ya’ni, 2020 yil oxirida yalpi hududiy mahsulot hajmi 42,1 trillion so‘mni tashkil etishi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 101,9 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shunda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,7 million so‘mga yoki o‘tgan yilga nisbatan 920 ming so‘mga oshadi.

Byudjetga tushumlar hajmini ham qoniqarli, deyish mumkin. Chunki 11 oy uchun 1965,9 milliard so‘m byudjet daromadlari belgilangani holda bu reja 2142,9 milliard so‘mga yoki 109 foizga bajarildi. Byudjetga tushgan daromadning asosiy qismi xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasiga ajratildi.

Investitsiya loyihalari - yangi ish o‘rinlari kafolati

Hududlarda investitsiya jozibadorligini oshirish iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim sanaladi. Shu jihatdan viloyatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududning eksport salohiyatini oshirishga imkon beradigan ko‘plab istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, 11 oy davomida umumiy qiymati 3,6 trillion so‘m bo‘lgan 981 ta investitsion loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 8775 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Masalan, Urgut tumanidagi “Nur Sam Qur” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 50,5 milliard so‘m investitsiya hisobiga mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi va 40 ta yangi ish o‘rni ochildi. Past Darg‘om tumanida esa “Samarqand Kamalak Invest Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 148 milliard so‘m investitsiya hisobiga ip-kalava ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, 320 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Yil yakuniga qadar, ya’ni dekabr oyida yana 1,9 trillion so‘mlik 161 ta loyiha ishga tushirilishi va 2945 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Kichik biznesga keng yo‘l

Viloyatimiz iqtisodiyotida kuzatilgan yuqori o‘sish sur’atlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning alohida o‘rni bor. Hozir viloyatimizda ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan 35 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti ichki va tashqi bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlamoqda. Eng muhimi, bugungi kunga kelib, viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 75,4 foizga yetdi. Ish bilan band aholining 85 foizi nodavlat sektorda mehnat qilyapti.

Bunday natijaga erishishda, albatta, mamlakatimizda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratilgani, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kichik biznes sub’yektlariga 4 trillion so‘m, shundan aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida 600 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bu borada Bandlik jamg‘armasidan oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 16,3 milliard so‘m maqsadli subsidiyalar ajratilgani va 2580 nafar ishsiz hamda kambag‘al fuqarolarga shaxsiy tomorqasida issiqxona qurish, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, sug‘orish vositalari xarid qilish uchun 8,7 milliard so‘m, 3396 nafar dala kooperativlariga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga 7,6 milliard so‘m subsidiya ajratilganini alohida ta’kidlash lozim.

Darvoqe, kichik tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha yakuniga yetayotgan yilda 70 mingta yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, 1 dekabr holatida 74 mingta ish o‘rni legallashtirildi. 76,7 ming fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi. Shuningdek, joriy yilda 8250 ta kichik biznes sub’yektlari tashkil etish rejalashtirilib, 11 oyda 8018 ta sub’yekt tashkil etildi.

Kambag‘allik qisqaryapti

O‘tayotgan yilda viloyatimizda kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi. Yil boshida viloyat bo‘yicha 47770 ta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilib, “temir daftar”ga kiritilgan edi. O‘tgan davrda sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar hamda homiylar tomonidan ko‘rsatilgan yordam va “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 51977 oilaga 37,1 milliard so‘mlik moddiy yordam amalga oshirilgani natijasida 25812 oila “temir daftar”dan chiqarildi. Shuningdek, “temir daftar”dagi 63720 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.

Aholi bilan joylarda muntazam o‘tkazilgan muloqotlar natijasida yana 4207 oila “temir daftar”ga qo‘shildi. 1 dekabr holatida 26165 oila “temir daftar”da ro‘yxatda turibdi.

2021 yilda qanday ishlaymiz?

2020 yildagi iqtisodiy parametrlar qariyb barcha soha va tarmoqlar kesimida yuqori natijani ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, qator kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlandi. Masalan, pandemiya tufayli yuzlab korxonalar faoliyati to‘xtab, yetarli mahsulot ishlab chiqarilmadi, ayrim investitsiya loyihalari amalga oshmay qoldi. Yoki eksport hajmi keskin pasayib ketdi. Masalan, 2020 yil uchun eksport rejasi 468 million dollar bo‘lib, 11 oyda 495 ta korxona tomonidan 53 mamlakatga 518 turdagi 291,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ya’ni, pandemiya sababli reja 67,1 foizga yoki 145,9 million dollarga kam bajarildi.

To‘g‘ri, bugungi kunda viloyatda 29,8 million dollarlik eksportbop sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi mavjud. Bundan tashqari, 387,9 ming tonna mayiz, 5,3 ming tonna yong‘oq, 61,5 ming tonna mosh va loviya hamda quritilgan mevalarni eksportga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Shular qatori 2021 yildan 363 million dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtirib oldik. Demak, kelgusi yilda korxona rahbarlari va tadbirkorlardan mahsulotni eksportga chiqarishda sifat va jahon standarti talablariga rioya etish talab etiladi.

Eng muhimi, 2021 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 43,6 trillion so‘mga yetkazish va 2020 yilga nisbatan 103,7 foizga bajarish rejalashtirilmoqda. Masalan, 19,4 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari yoki 35 trillion so‘mlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish mo‘ljallandi. Buning uchun viloyatimizda sharoit ham, imkoniyat ham, salohiyat ham bor. Gap faqat samarali ishlash, mahsulot va xizmatlar sifati va turini oshirishda.

Shuningdek, kelgusi yilning birinchi yarim yilligida 1395,2 milliard so‘m yoki qo‘shimcha 100 milliard so‘m daromad olish rejalashtirilmoqda. 2021 yilda umumiy qiymati 14,8 trillion so‘m bo‘lgan 1490 loyihani ishga tushirish va 30924 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirib olindi. Masalan, Past Darg‘om tumanida “Fortuna Urgut Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 76,5 milliard so‘m bo‘lgan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi va 64 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hududlarga xorij sarmoyasini kiritish va yangi korxonalar tashkil etish maqsadida 2021 yilda umumiy qiymati 212,8 million dollar bo‘lgan 36 ta loyihani ishga tushirish va 2385 ta yangi ish o‘rni yaratishni belgilab oldik. Misol uchun, Paxtachi tumanidagi “Ziyovuddin invest tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 7 million dollar bo‘lgan zamonaviy issiqxona tashkil etish loyihasi amalga oshirilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

2021 yilda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida kichik biznes sub’yektlarining 1700 ga yaqin loyihalari uchun 3,2 trillion so‘m kredit ajratiladi. Bundan tashqari, ajratilgan kreditlarning qaytishi hisobidan 388 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, ularning asosiy qismi yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligiga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2021 yilda soliq bazasini kengaytirish, jumladan yashirin ish o‘rinlarini rasmiylashtirish (legallashtirish), kameral nazorat tadbirlarini amalga oshirish, o‘zini o‘zi band qilgan mustaqil faoliyatni amalga oshiruvchi kasb egalarini xatlovdan o‘tkazish, bo‘sh yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolarga chiqarish, tadbirkorlar safini kengaytirish, biznes muhitini rivojlantirish, kambag‘alikka qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda ishlar davom ettiriladi. Albatta, ushbu harakatlarning barchasi viloyatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish va aholi turmushini yaxshilashga qaratilgan.

Jamshid O‘ROQOV,

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.