Samarqand jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
Kelgusi yil yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi XVII, ayollar o‘rtasidagi VIII jahon chempionatlari Samarqandda o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizda Xalqaro yong‘in o‘chiruvchilar-qutqaruvchilar sporti federatsiyasi mutasaddilari hamda a’zo davlatlar vakillari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Kecha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev kutib oldi.
Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor majmuasi va boshqa bir qator aziz qadamjolarda bo‘lishdi.
- Yong‘in-qutqaruv sporti bu shunchaki sport emas, bu yerda inson hayoti turibdi, - deydi Xalqaro yong‘in o‘chiruvchilar-qutqaruvchilar federatsiyasi ijrochi direktori Andrey Kalinin. - Konferensiyada yong‘in-qutqaruv sportini rivojlantirish, favqulodda vaziyatlarda qo‘llaniladigan texnika va texnologiyalar hamda kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan jahon chempionatlarini tashkiliy ishlari hamda boshqa sohaga oid masalalar muhokama etilmoqda. Samarqandga tashrifimiz ham bejiz emas, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatini Samarqandda o‘tkazish rejalashtirilgan. Tashrif davomida bu yerdagi sharoitlarni o‘rganish barobarida boqiy shaharning diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishdik. Dunyo nigohidagi shahar haqiqatan betakror. O‘ylaymanki, musobaqalarimiz bu yurtda esda qolarli o‘tadi.