Samarqand kandakorlik maktabi haqida bilasizmi?

Kandakorlik - metall buyumlarga o‘yib, chizib, naqsh ishlash san’ati bo‘lib, o‘zining jozibasi, mashaqqatli mehnati bilan e’tiborli. Oftoba, qumg‘on, ko‘za, shamdon, laganlardagi o‘simliksimon, ya’ni islimiy hamda handasiy naqshlar bilan bezatiladi. Har bir buyumga ishlov berish ham ustaning nozik didini, sabrini shakllantiradi. Usta ishini kuzatar ekansiz, sekin harakatlar bilan oddiy ro‘zg‘or buyumini san’at darajasiga yetkazganiga guvoh bo‘lasiz.

Dastlab buyumlarga afsonalardagi qahramonlar tasviri ishlangan bo‘lsa, arablar istilosidan keyin tasvirlar o‘rnini handasiy naqshlar, bezak darajasiga yetkazib ishlangan arab yozuv (bayt)lari egallagan. Temuriylar davrida yangi usullar yuzaga kelib, ushbu san’at turi juda rivojlanib, bezak turlari ko‘paygan. XVIII- XIX asrlarda ko‘p viloyatlarda kandakorlik markazlari ochilgan. Jumladan, Samarqandda ham kandakorlik maktabi vakillari buyumlarni shabaki usulida (panjarasimon) bezagan, naqsh zamini chekma gullar bilan pardozlangan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yasalgan choydish, mis ko‘za, kosa, lagan, lali, kashgul, oftoba, qumg‘on, shag‘amdon, samovar kandakorlik buyumlari sifatida chiroyli bezalgan. 1930 yilda ilk bor metall sirtiga kimyoviy moddalar ta’sir ettirib naqsh, tasvir yaratish uslubi boshlangan.

Bugun Samarqandda ham kandakorlik san’ati vakillari ko‘p. Shulardan biri Registon maydonidagi Sherdor madrasasida faoliyat yuritib kelayotgan Nutfillo Saidovdir. Usta shogirdlari bilan yurtimizga kelayotgan xorijlik va mahalliy sayyohlarga o‘z san’atini namoyish etib kelayotgan hunarmandlardan.

- 1973 yil Buxorodagi kandakor usta Mirjon Ahmedovga shogird tushib, bu hunarning sir-asrorlarini mukammal o‘rganganman, - deydi N.Saidov.  – 1980 yilda Buxorodan Samarqandga ko‘chib kelib, o‘z hunarim ortidan tanildim. Ukam, farzandlarim, nabiralarim va ko‘plab shogirdlarim kasbim davomchilari. Hunarimiz orqasidan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, Dubay, Kanada, Yevropa, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarda kandakorlik san’atining nozik sirlarini namoyish etganmiz.

Samarqand kandakorlik san’atiga chet ellik sayyohlarning qiziqishi katta. Ularning hayrat bilan boqishlarini ko‘rgan hunarmand usta buyumlarga ularning ismlarini go‘zal naqshlar bilan yozib beradi.

Dilnoza G‘ANIYeVA.