Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand ko‘chalarida yo‘l posbonlari paydo bo‘ldi

Bugun – 5 apreldan Samarqand viloyatida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi yo‘l posbonlari xizmat faoliyatini boshladi.

“Yo‘l posboni” jamoatchilik tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri buyrug‘i asosida tashkil etilib, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘mak sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Ushbu ishga jalb etilgan dastlabki 60 nafar yo‘l posbonlari guvohnoma, maxsus kiyim va zarur anjomlar (hushtak va bayroqcha) bilan ta’minlandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati.

Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kunidan ish boshlagan yo‘l posbonlari bugun haydovchilar hamda yo‘lovchilar o‘rtasida harakatlanish qoidalariga amal qilishni targ‘ib etish, yo‘llarda, jumladan, piyodalar yo‘laklarining o‘tish qismida xavfsizlikni ta’minlashga yordam bermoqda.

O‘z vazifasini yuqori saviyada bajargan va soha ishini yaxshi o‘zlashtirgan yo‘l posbonlarini kelgusida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektorligiga qabul qilish ko‘zda tutilgan.

B.Mustanov.