Maktabda qizlar tarbiyasiga qanday e’tibor beriladi?

Maktab ta’lim bilan birga tarbiya ham beradigan dargoh hisoblanadi. Aslida sharqda ta’lim-tarbiya birgalikda olib borilgan va bu an’ana asrlar davomida oilada va ta’lim dargohlarida qo‘llanilib kelinadi.
Ayniqsa, oilada qiz bolalar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Yevropa davlatlaridan farqli o‘laroq, bizda qizlar ibo-hayosi bilan qadrlanadi.
Ammo, keyingi yillarda maktab o‘quvchi qizlari o‘rtasida farzand ko‘rish holatlari kuzatilyapti. Balog‘atga yetmagan qizlarning erta tug‘ruqni boshidan kechirishi bir tomondan uning salomatligiga xavf solsa, ikkinchi tomondan nikohsiz farzand tug‘ilishi milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lib, sharmandali holat hisoblanadi. Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun maktabda o‘quvchi qizlarga qanday tarbiya beriladi?
- Bilasizmi, aslida notinch oila farzandlari orasidan axloqsiz qizlar chiqadi - deydi Toyloq tumanidagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Mavsuma Mirvafoyeva. – Gohida risoladagidek oila farzandida ham jinsiy hayotga moyillik sezilib turadi. Internet sabab ba’zida 5-6-sinf qizlarda erta uyg‘onish holati kuzatilyapti. O‘quvchi qizlarni boshqa narsaga chalg‘imasligi, bo‘sh vaqtini qoldirmaslik uchun darsdan keyin ularni to‘garaklarga jalb etganmiz. Maktabda 270 nafar o‘quvchi qizlarimiz bo‘lsa, ular bilan har oyda turli mavzularda suhbatlar o‘tkazamiz. Bundan tashqari, tuman markaziy poliklinikasidan har olti oyda 7-11-sinf o‘quvchilarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turamiz. O‘quvchilarning tibbiy daftarchasiga ham tibbiy ko‘rik natijasi qayd etib boriladi. Qizlar bilan muntazam shug‘ullanib kelganimiz uchun ham maktabimizda bunday noxush holatlar uchragani yo‘q. Ota-onalar, qolaversa, maktabimiz joylashgan Uzunqishloq mahalla ahli ham har tomonlama bizga yordam beradi.
Shu o‘rinda aytishim mumkinki, maktabimiz bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tumanda birinchi o‘rinda turamiz. O‘quvchilarimiz fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlovlarda ham tuman va viloyatda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelyapti.
Darhaqiqat, qiz bola oilada sharqona mentalitetimiz asosida tarbiyalanadi. Ammo, ba’zi oilalarda onaning chet elga ishga ketishi yoki er-xotinning farzandlar tarbiyasiga e’tiborsizligi, o‘zaro urush-janjallari farzandlarni nazoratsiz qolishiga sabab bo‘ladi. Fakt va raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024 yilda viloyatda 7 holatda maktab o‘quvchi qizlari tomonidan erta tug‘ruq aniqlangan.
- Qizlar tarbiyasi bilan muntazam ish olib boramiz, - deydi maktab direktorlaridan biri. – Ayniqsa, psixologim qizlarning yurish-turishini nazorat qilib boradi. Bir kuni maktab psixologi menga yuqori sinf qizlaridan birining fiziologik holati yaxshi emasligini, uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kerakligini aytdi. Qiz bolaning ko‘rinishidan hech qanday homiladorlik alomatlari sezilmasa-da, maktab psixologi qizning holatida o‘zgarishlar borligini bildirdi. O‘sha qizni noqulay holatga solmaslik uchun sinfidagi barcha qizlarni tibbiy ko‘rikka yubordim. O‘sha kuni psixologim shubhalangan qiz qo‘shimcha darsimga borishim kerak, deb tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan ketib qolibdi. Oradan ko‘p o‘tmay kutilmaganda o‘sha qiz ona bo‘ldi.
Aslida oilada qizning tarbiyasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bo‘lib, onasi chet elda edi. Ona hech narsa bo‘lmagandek xorijdan kelib, qizini xususiy shifoxonalardan biriga yotqizdi. Hamma joyda yosh qizning ona bo‘lgani shov-shuv bo‘lib ketdi. Ammo, qizning onasi bu sharmandali holatdan uyalmadi. Biz, maktab jamoasi esa ayb ish qilgandek boshimiz egilib qoldi.
Afsuski, keyingi paytlarda qizlar tarbiyasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. To‘g‘ri, viloyatda joriy yilda qizlarning erta tug‘ish holatlari aniqlanmagan. Ammo, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqa hududlarda bu kabi ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘layotganidan xabardormiz. Oilada yetarli tarbiya olmagan qizlarga ba’zida maktabdagi tarbiya ham ta’sir qilmayapti.
Achinarlisi, maktab o‘quvchilari o‘rtasida ko‘ngilni xira qiladigan boshqa noxush holatlar ham aniqlanyapti. Keyingi yillarda maktab o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarni chekuvchilar soni haddan ortgan. Tahlillarga ko‘ra, 30 mingga yaqin o‘g‘il bolalar va 9 mingga yaqin qizlar chekishga moyil bo‘lsa, 12 ming nafardan ortiq bola va o‘smirlar ushbu sigaretalarni muntazam chekishi aniqlagan. Shuning uchun yaqinda Oliy Majlis Senatida elektron sigaretalarni olib kelish, sotish, chekishga qarshi qonun ma’qullandi.
Biz bugun bolalar tarbiyasi borasida jiddiy o‘ylashimiz kerakligini davrning o‘zi taqozo qilyapti. Xo‘sh, ularni qanday tarbiyalashimiz kerak, degan savol bugun hammani o‘ylantirishi lozim. Masalan, yapon maktablarida yigit-qizlarning ishqiy-romantik munosabatlariga yo‘l qo‘yilmas ekan. Bu esa turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olarkan. Bizda ham qizlarning tarbiyasi borasida alohida dastur ishlab chiqilsa va maktablarda ommalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunonchi, Abdulla Avloniy aytganidek: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”.
Xurshida ERNAZAROVA.