Samarqand kulolchiligi rivojlanyaptimi? Bu hunar turining ertasi qanday?
Bugun viloyatda kulollar kammi, ko‘pmi? Ularning faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratilganmi? "Usta-shogird" an’anasi hunarmandchilikning bu turida qanday yo‘lga qo‘yilgan? Yosh kulollar safi kengayayaptimi? Ular xom ashyo - xos tuproqni qayerdan oladi? Tayyor mahsulotlarni qayerda sotadi?
Viloyat Matbuot uyida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martda qabul qilgan “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi qanday amalga oshirilmoqda?" mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu savollarga javob izlandi.
Unda "Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov dastlab Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi.
- Ushbu hujjatga ko‘ra, kulolchilikni yanada rivojlantirish, “Usta-shogird” an’analarini sayqallashtirish, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga chiqarish borasida keng imkoniyatlar yaratildi, - dedi U.Hakimov. - Jumladan, kulolchilik yo‘nalishida zarur xom ashyo bazasini yaratish, kulollarga yer maydonlari va binolar ajratish, asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash, qulay shartlarda kreditlar ajratish shular jumlasidan. Muhimi, “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xom ashyo sotib olishi va shogirdlarini ish haqi bilan ta’minlashi uchun subsidiyalar ajratiladi.
Bugun viloyatda 59 nafar kulol faoliyat yurityapti. Ularning har biri 5-10 nafargacha shogird tayyorlamoqda. Kulollarning aksariyati o‘z xonadonida faoliyat yurityapti. Ularga imkoniyat yaratish maqsadida Samarqand shahridagi Obi Rahmat mahallasi, “Afrosiyob” xarobalari yon tomoni, Siyob kanali o‘ng yoqasidan loyihaga asosan kulolchilik markazi qurilishi ishlari boshlandi. Bu haqda Samarqand shahar hokimining qarori qabul qilindi. Ushbu markazning qurilish ishlari 2022 yil 1 aprelda yakunlanadi. Bu esa usta kulollarga erkin ishlash, yoshlarga o‘z hunarini o‘rgatish, chet ellik va mahalliy sayyohlarga master-klasslar tashkil etish imkonini beradi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar savollariga javob berildi.