Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi
30 may kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumat rahbarlari darajasidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasining birinchi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Rossiyaning «Novaport Xolding» MChJ kompaniyasi o‘rtasida Samarqand, Namangan va Urganch shaharlari aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish yuzasidan shartnoma imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
«Novaport Xolding» kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirib, o‘zining “Loyihalash-Qurilish-Ekspluatatsiya-Topshirish” (DBOT) modeli asosida ishlab chiqilgan takliflarini taqdim etdi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha imzolangan Bitimga ko‘ra, Rossiya tomoni loyihani amalga oshirishning moliyaviy, texnik va yuridik imkoniyatlarini baholash uchun 4 oy muddatda tegishli huquqiy ekspertiza o‘tkazadi.
«Novaport Xolding» MChJ bajarilgan ishlar yakuniga ko‘ra texnik va moliyaviy modelning asosiy shartlari ko‘rsatilgan, loyihani amalga oshirishning dastlabki shartlari va bosqichlari bayon qilingan mufassal taklifni ishlab chiqadi va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston tomoniga taqdim etadi.
Rossiya tomoni tayyorlagan taklifni o‘rganish va hujjatlarni yuridik, moliyaviy va texnik ekspertizadan o‘tkazish uchun daxldor vazirlik va idoralarning mutaxassislari, shuningdek malakali mahalliy va xorijlik konsultantlar jalb etiladi.
Muzokaralar doirasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Rossiyaning «RT-Invest Transportnie Sistemi» MChJ o‘rtasida avtomobil yo‘llari foydalanuvchilaridan to‘lov qabul qilishning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, vazn-gabarit nazorati tizimlari hamda yuklarni nazorat qilish tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha infratuzilmaviy yechimlar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi Raqamli transport tizimlarini yaratish sohasida hamkorlikka doir Memorandum imzolandi.