Samarqand olimalari innovatsion g‘oyalari va yangi ixtirolarini namoyish etdi

Samarqand viloyati “Olima” ayollar uyushmasining “Eng yaxshi innovatsion loyiha” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘tkazilgan tadbirda viloyatimizning oliy ta’lim muassasalarining xotin-qizlari orasidan 100 dan ortiq iqtidor egalari ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy yangiliklarini taqdim etdilar. Olima va tadqiqotchi ayollar 10 yo‘nalishdagi nominatsiyalarda, talaba qizlar esa 4 yo‘nalishdagi nominatsiyalarda o‘zaro bellashdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Rahmonova ishtirok etdi va xotin-qizlarni oliy ta’limga ko‘proq qamrab olish, ularning ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz siyosatining maqsad va vazifalari haqida gapirdi.

Ko‘rik-tanlovda eng iqtidorlar g‘olib bo‘ldi, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi. Xususan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti o‘qituvchisi, texnika fanlari falsafa doktori Shahnoza Abdug‘aniyeva “Eng yaxshi ixtiro muallifi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.