Samarqand sayyohlarni chorlaydi
Samarqand mamlakatimizning turizm darvozasiga aylanmoqda. Bugun nafaqat shahar, balki chekka qishloqlarda ham turistik markazlar, sayyohlarni o‘ziga jalb etayotgan ob’yektlar ochilmoqda.
Turizm juda ko‘p sohalarni birlashtiradigan va qamrab oladigan soha. Deylik, madaniy meros ob’yektlari bir necha asrlik bo‘lsa-da, zarur infratuzilma bo‘lmasa, bu yerga sayyohlarni jalb qilishning deyarli imkoni yo‘q. Shuning uchun bugun bu sohada barcha jihatlar hisobga olingan holda, hatto eng nozik didli sayyohning ham talabini qondiradigan darajada sharoitlar yaratish yo‘lida ish olib borilmoqda.
Xususan, shu yilning o‘zida viloyatda qiymati 478 milliard so‘mlik 43 ta turizm loyihasi amalga oshirildi. Shundan, 25 ta mehmonxona va joylashtirish vositasi, 6 ta ekoturizm va dam olish ob’yekti va boshqa loyihalar ishga tushirilishi natijasida 600 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Nufuzli anjumanlar shahardan chetda o‘tyapti
Samarqandda o‘tkazilayotgan o‘nlab yirik xalqaro anjumanlar davomida ko‘pchilik sayyohlardan hayrat va havas hissiyotlari bilan yo‘g‘rilgan fikrlarni eshitmoqdamiz. Ammo samarqandliklarning fikri e’tiborimni tortdi. Shuncha davlatdan bir vaqtning o‘zida minglab yuqori martabali mehmonlar kelyapti, ammo shaharda yo‘llar yopilmadi, biz odatiy ish kunlarimizni asabbuzarliksiz o‘tkazyapmiz, qabilidagi fikrlarni ko‘p eshitdim. Bularning barchasi albatta shahar shovqinidan chetroqda, so‘lim go‘shada barpo etilgan “Silk road Samarqand” turizm markazi tufaylidir. Mazkur majmua Samarqand – yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi sifatida ishbilarmonlik va biznes turizmini rivojlantirishga turtki bo‘lmoqda.
Markaz bugungi kunda yirik xalqaro tadbirlar, biznes forumlar va xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilmoqda.
Jumladan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining “Iqtisodiy chidamlilik va barqarorlikka investitsiyalar kiritish” mavzusidagi 32-yillik yig‘ilishi hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Samarqand dunyo nigohida bo‘ldi.
Yodgorliklar restavratsiya qilindi
Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish, turizm namoyish ob’yektlari va ularga yondosh hududlarning infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, Shohi Zinda majmuasi, Bibi Xonim masjidi va maqbarasi, Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Ashratxona maqbarasi, Mahdumi Xorazmiy masjidi, Ruhobod majmuasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Oqsaroy maqbarasi, Dari Zanjir majmuasi va Samarqand arxeologik tadqiqotlar institutida 14,8 milliard so‘mlik restavratsiya ishlari amalga oshirilib, moddiy-madaniy meros ob’yektlarining jozibadorligi saqlab qolindi, ularga eltuvchi yo‘llar obodonlashtirilib, sayyohlar uchun sharoit yaratildi.
Bundan bir necha yil oldin Samarqand uchun sanitariya-gigiyena shoxobchalarining yetarli emasligi katta muammo tug‘dirar, bu masala doimiy ravishda e’tirozlarga sabab bo‘lardi. Bugun sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan ob’yektlarda 100 dan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etildi.
Sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan ob’yektlar va ularga tutash hududlar atrofida WI-FI nuqtalari tashkil etildi.
Bir kunlik xarajat 80-250 AQSh dollari
Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilingach, yillik yo‘lovchilar oqimini 1,5 millionga yetkazish, aeroportni mintaqadagi yirik xabga aylantirish maqsadida ochiq osmon rejimi va beshinchi havo erkinligi huquqi joriy etildi. Buning natijasida 2021-2025 yillar davomida yo‘lovchilar sonini soatiga
350 nafardan 600 nafarga oshirish, muntazam aviaqatnovlari haftasiga 40 tadan 280 taga yetkazish, yo‘lovchilar sonini yiliga 165 ming nafardan 1,5 million nafarga oshirish imkoniyati yaratildi.
2022 yil davomida Samarqandga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 1,2 million nafarga yetib, turistik xizmatlar eksporti 197,6 million AQSh dollarni tashkil etdi.
Turistlarning o‘rtacha qolish kuni 2,7 kunni va ularning 1 kunlik xarajati 85-250 AQSh dollarini tashkil etmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar 2,1 million nafar xorijiy sayyoh jalb etilib, turizm xizmatlar eksporti 312 million AQSh dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Sayyohlar tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar geografiyasi ham qariyib 2 barobarga oshdi, 2017 yilda 59 ta davlatdan sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 114 tani tashkil etdi.
Yangi turistik ob’yektlar barpo etiladi
Joriy yil yakuniga qadar qiymati 1,6 trillion so‘mlik 94 ta investitsion loyiha ishga tushiriladi.
Jumladan, eko-ekstremal turizm yo‘nalishida 18 ta (307 mlrd. so‘mlik), tibbiyot va termal turizm yo‘nalishida 11 ta (260 milliard so‘mlik), gastronomik turizm yo‘nalishida 36 ta (105,0 milliard so‘mlik), joylashtirish vositalari 28 ta (759 milliard so‘mlik) va shopping yo‘nalishida 1 ta (220 milliard so‘mlik) yirik savdo va ko‘lgilochar markazlar tashkil etiladi va 1500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bulung‘urdagi Sheroz qal’a va Payariqdagi Ko‘ktepa yodgorliklarida “ochiq osmon muzey”lari tashkil etiladi
Ayni vaqtda islom dunyosidan ziyoratchilar tashrifini ko‘paytirish maqsadida Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi qayta qurilmoqda.
Majmuada 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy merosi va moddiy madaniy meros ob’yektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 2 ta yirik va 7 ta kichik mehmonxona, shuningdek uch ming nafar ziyoratchiga xizmat ko‘rsatuvchi “halol” standartiga ega umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, viloyatdagi 20 dan ortiq madaniy meros ob’yekti restavratsiya qilinadi. Bulung‘urdagi Sheroz qal’a va Payariqdagi Ko‘ktepa yodgorliklarida “ochiq osmon muzey”lari tashkil etiladi.
Shu bilan bir qatorda bugungi kunda, “Muzeylar kvadrati” loyihasi doirasida 4 ta muzey va galereya, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tizimida “Art galereya” va “Art rezidensiya” loyihalari ishga tushiriladi. Oktyabr oyida Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkilotining “Turizm akademiyasi” ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Umida XOLBEKOVA, viloyat turizm boshqarmasi mas’ul xodimi.