Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi davlat xaridini amalga oshirish jarayonida qonunchilik talablarini buzganligi aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022 yilning yanvar oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid e’lonlar masofaviy monitoring tartibida o‘rganilgan.

O‘rganishda, davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sun’iy ravishda qismlarga bo‘lingani, ayrim davlat xaridlarida bir xil ishtirokchilar takroran g‘olib bo‘lgani, ayrim buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlarni “Shaffof qurilish” axborot markazining “tender.mc.uz” maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Xususan, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 2021 yil 27 mart kuni “Samarqand shahar markaziy ko‘cha va xiyobonlariga dizayn asosida daraxt ekish ishlari”ni amalga oshirish bo‘yicha 230 mln. so‘mlik davlat xaridini amalga oshirish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan. Ya’ni, bir xil ishtirokchilar qatnashgan va bir xil ishtirokchi g‘olib bo‘lgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmachiga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.