Samarqand shahrida birinchi marta O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining sayyor qabuli o‘tkazildi

Mazkur tizim bo‘yicha viloyatdagi korxona va tashkilotlar, turizm, sport muassasalari, madaniyat sohasida ish beruvchilar hamda kasaba uyushmasi raislari bilan kengash raisi Sh.Dexqonov ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

- Biz yuzma-yuz uchrashuvlarni aynan viloyatlarda ish beruvchi va kasaba uyushmasi raislari bilan birga olib borayotganimiz tizimda ochiqlik, shaffoflik, adolatlilik bo‘lishini ta’minlashga erishmoqchimiz, - deydi O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Sh.Dexqonov. – Qolaversa muloqotlarimiz orqali ko‘pchilikdan yangicha takliflar, tizimni o‘zgartirish bo‘yicha aniq rejalarni ham o‘zimizgi belgilab olyapmiz. Bu albatta ish beruvchi, ayniqsa, ishchi-xodimlar uchun kelgusida munosib mehnat sharoitlarini yaratishga va ularning haq-huquqlarni buzilishini oldini olishga xizmat qiladi. Albatta, bu kabi jonli muloqotda kasaba uyushma raislari ham o‘z fikrini erkin bayon etishiga imkon yaratilyapti. Shu orqali ularni qiynayotgan muammolariga imkon qadar yechim ham topyapmiz.

Tadbir davomida kasaba uyushmasi tarixiga, kadrlarni o‘qitish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada kelgusida Toshkent shahrida kasaba uyushmasi raislarini o‘quvini tashkil etish doimiy yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, shu yil yakuniga qadar viloyatda 10 tashkilotni tayanch tashkilotga aylantirish rejalashtirilgani aytib o‘tildi. Bundan maqsad bugungi kundagi ayrim boshlang‘ich tashkilotlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish va kelgusida barcha boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada jonlantirishga erishish muhimligini aytildi. 10-12 sentyabr kunlari Toshkent shahriga bepul sayohat tashkil etilayotgani aytildi.

- Afsuski biz viloyatlarda yurganimizda hamon jamoa shartnomasiga panja orasidan qaraydigan rahbarlar borligiga guvoh bo‘lyapmiz, - dedi Sh.Dehqonov. - Hatto hujjatning ishchi-xodimlarga va ish beruvchiga muhim ekanligini ham bilmaydi, bandlarini-ku o‘qib ham ko‘rmagan. Bunday holatlarni oldini olish va bartaraf etish uchun, albatta siz kasaba uyushmasi raislariga suyanamiz. Agar birgalikda qonun doirasida harakat qilsak, bunga tezda erishamiz.

Uchrashuvda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, Senator F.Toshev kasaba uyushmasi haqiqatda keyingi yillardagi faolligi uning aralashuvi bilan ishchi-xodimlarning haq-huquqlari tiklanayotgini, kam ta’minlanganlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanayotgani, ayniqsa “Ayollar daftari”dagilar bilan doimiy ish olib borayotgani ular muammolari ijobiy yechim topayotgani, sayohatlar ko‘plab uyushtirilayotganini ta’kidladi. Albatta bu borada “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyatlarida ishchi-xodimlari uchun yaratilgan munosib mehnat sharoitini misol qilib keltirdi.

Tadbir yakunida, eng yaxshi ish beruvchi tashkilot rahbarlari va faol kasaba uyushmasi raislariga tashakkurnomalar va sovg‘alar berildi.

Husan ELTOYeV.