Samarqand shahrida yo‘l-transport hodisasi sodir etib, voqea joyidan qochgan haydovchi ushlandi
2019 yil 21 oktyabr kuni soat 11:40 lar atrofida noma’lum haydovchi boshqaruvida bo‘lgan oq rangli “Lasetti” rusumli avtomashina Samarqand shahar Ali Qushchi ko‘chasi bo‘ylab (Bedil ko‘chasi tomondan) Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi yo‘nalishida boshqarib kelib, yo‘lni kesib o‘tayotgan, 1992 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahri Xotira ko‘chasida yashovchi Natalya Betkinani urib yuborgan.
Shuningdek, ushbu haydovchi mashinasida piyodaga yo‘l berib to‘xtab turgan “Damas” rusumli, 30Z 141 KA davlat belgili avtomashinaga nisbatan ham to‘qnashuv sodir etib, voqea joyidan ketib qolgan.
Buning oqibatida fuqaro N.Betkina tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga joylashtirilgan. Hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. “Damas” avtomashinasiga esa moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan qidiruv-surishtiruv harakatlari olib borilishi natijasida “Lasetti” rusumli, 30Q 273 QA davlat belgili avtomashinasi fuqaro L.P. tegishli ekanligi aniqlandi. YTH sodir etilgan vaqtda mazkur avtomashinani 2001 yilda tug‘ilgan, Urgut tumani Jartepa qo‘rg‘oni, Budori qishlog‘ida ro‘yxatda turib, hozir Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘onida vaqtincha yashayotgan D.A. boshqargani ma’lum bo‘ldi.
Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Haydovchilardan tushuntirish xatlari olinib, tan jarohati olgan fuqaroga sudga oid tibbiy ekspertiza hamda avtomashinalarga nisbatan avtotexnik ekspertizasi tayinlangan.
Samarqand viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.