Samarqand shahridagi avtobuslarga elektron to‘lov uskunasi o‘rnatildi

Yo‘lkira to‘lovlari plastik karta va smartfonlarda ATTO ilovasini yuklab olgan holda amalga oshiriladi.

Samarqand shahridagi 288 ta yo‘lovchi tashish avtobuslari va 13 ta tramvay vagonlarida elektron to‘lov validatorlari o‘rnatildi.

"Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori" MChJ bilan hamkorlikda ishga tushirilgan mazkur uskunalar har bir avtobusning kirish qismidagi tayanch tutqichlarda joylashtirilgan.

Yo‘lovchilar “ATTO” yagona transport kartasi, “Humo”, “Uzkard” (yangisi), “Viza”, “Mastercard” kartalari, shuningdek, smartfonlar orqali ATTO ilovasini yuklab olgan holda to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Bir kartadan birinchi va ikkinchi to‘lovni amalga oshirish vaqti xavfsizlik nuqtai nazaridan 6 daqiqa qilib belgilangan.

"Hozirda yagona transport kartalarini Samarqand shahrining 8 ta shoxobchasida sotish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, "Temiryo‘l" avtoboshbekati hududida, “Beruniy” ko‘chasidagi “Temiryo‘l shifoxonasi” bekatida, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi markaziy poliklinika ro‘parasida, Dahbed va Rudakiy chorrahasidagi 2 ta bekatda, “Shodiyona” savdo majmuasida, “Universitet xiyoboni” (Filologiya fakulteti) bekatida mazkur kartalar sotiladi.

Shuningdek, viloyat transport boshqarmasida “ATTO” yagona transport kartalarini 10 000 so‘mdan xarid qilishingiz mumkin", deyiladi viloyat transport boshqarmasi xabarida.