Samarqand shahridagi markaziy ko‘chalarda yirik qurilish-ta’mirlash ishlarining so‘nggi bosqichi davom etmoqda
Mazkur qurilish, obodonlashtirish ishlari qariyb ikki oydan buyon davom etmoqda. Hozirgacha shahar ichidagi 70 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Yo‘l yoqalarini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 54 ming donadan ortiq manzarali daraxt va butalar ekildi. Shuningdek, Bo‘stonsaroy, Rudakiy, Sadriddin Ayniy, Registon, Panjakent ko‘chalarida ham to‘liq asfalt yotqizilib, “Bahor gullari” MChJ ishchilari tomonidan yo‘l yoqalariga anvoyi gullar ekildi.
Muhitga moslashmay, qurib qolgan daraxt ko‘chatlari yangilanmoqda. Namangan shahridan keltirilgan 20 ming tupdan ziyod gul ko‘chatlari Universitet xiyoboni, Registon maydoni, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i atrofiga ekildi.
- Shaharning So‘zangaron, Gulobod, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida, shuningdek, Spitamen shohko‘chasi, Shohi Zinda ko‘chalariga asfalt yotqizish ishlari yakunlandi, - deydi viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Mirzayev. - Shahar bo‘ylab 180 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lakchalari qurilib va qariyb 3 ming donaga yaqin tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shuningdek, yangi loyiha asosida qurilgan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi orqali uzunligi 670 pogonometr zamonaviy monolit temirbeton yo‘l o‘tkazgich, Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi avtomobil yo‘lidan kesib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi ustidan o‘tuvchi uzunligi 130 pogonometr bo‘lgan yangi ko‘prik qurildi.
Ayni vaqtda yana 30 kilometrga yaqin avtomobil yo‘llarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.