Samarqand shahridagi sayyor sudda 16 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi, yetti kishi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining navbatdagi sayyor sud majlisi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB YHXB binosida bo‘lib o‘tdi.
JIB Samarqand shahar sudining sudyasi Z.Ahmedova tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi 1-qismi (Transport vositalarini mast holda boshqarish), 133-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan bog‘liq jami 16 ta shaxsga nisbatan 16 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilgan jami yetti nafar shaxsga nisbatan yettita ma’muriy ish ko‘rib chiqilib, barcha huquqbuzarlar transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil olti oy muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni, 8 mln. 250 ming so‘mdan jarima jazolari tayinlandi.

Shuningdek, MJtKning 133-moddasi bilan ikki nafar shaxsga nisbatan ikkita ma’muriy ish tomonlarning o‘zaro yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi, hamda to‘rt kishiga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar, jabrlanuvchilarning da’vosi mavjudligi hamda yetkazilgan moddiy zararlar huquqbuzarlar tomonidan qoplanmaganligi sababli huquqbuzarlarga nisbatan jarima jazolari tayinlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar undirish belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilgan jami uch nafar shaxsga nisbatan uchta ma’muriy ish ko‘rib chiqilib, barcha huquqbuzarlar kodeksda belgilangan jarima jazolariga tortildi.

Orif Pardayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining raisi.