Samarqand shahridagi tadbirkor o‘zining mualliflik huquqi buzilganini aytmoqda
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahridagi “Tagroup” mas’uliyati cheklangan jamiyati dizaynerlari tomonidan ishlab chiqilgan 50 ga yaqin turli xildagi milliy bezaklar tushirilgan futbolkalar korxona tarmog‘iga kiruvchi shoptextile.uz onlayn do‘koni orqali sotuvga qo‘yilgan.
Bu mahsulotlar uchun mualliflik huquqini belgilovchi maxsus sertifikatlar ham mavjud.
Yaqinda shoptextile.uz onlayn do‘koni mutasaddilari tomonidan eksperiment tarzda kichik o‘rganish olib borilganda shahardagi do‘konlarda ayrim «tadbirkorlar» tomonidan korxonaning sertifikatga ega dizaynlaridan noqonuniy foydalanib, futbolkalarga qadoqlab sotayotganligi aniqlangan.
Shu o‘rinda mualliflik huquqi haqida ikki og‘iz so‘z:
Mualliflik huquqi – g‘oya (fikr) yoki ma’lumotning ma’lum bir ko‘rinishdagi ifodalanishini tartibga soluvchi eksklyuziv huquqlar majmuidir. Umumiy qilib aytganda, so‘zma-so‘z “ko‘chirish (nusxa olish)ga bo‘lgan huquq”dir.
Mualliflik huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodekslarida, shuningdek, “Mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida o‘z aksini topgan. Huquqiy hujjatlarga ko‘ra, mualliflik huquqi buzilganlik holatlarida qonun doirasida javobgarlik belgilangan.
Tadbirkorning aytishicha, mualliflik huquqini buzgan tadbirkor bilan bo‘lgan suhbat jarayonida u o‘z xatosini tushunib yetgan va mutasaddilarga kontrafakt mahsulotlarni savdo rastasidan olib tashlashini aytib, bunday noqonuniy holatlar qayta takrorlanmasligi, endilikda intellektual mulk egasi bo‘lgan onlayn do‘koniga buyurtma berib hamkorlikda ishlashini ma’lum qilgan.