Mualliflik huquqingizni bilasizmi?
Mualliflik huquqi – bu fan, adabiyot va san’at asarlarini, ijro, fonogramma, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish. Bu - “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan.
Mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlarga misol sifatida asl badiiy asarlar, filmlar va ovoz yozuvlarini ko‘rsatish mumkin.
Biror asarning muallifi uni yaratgan shaxsdir. Asarlarning ayrim turlari nuqtai nazaridan bu o‘z-o‘zidan ravshan bo‘ladi: masalan, adabiy asar muallifi uni yozgan kishi; musiqiy asarning muallifi uning bastakori;
fotografiya muallifi fotograf va boshqalar. To‘plam muallifi undagi materiallarni to‘playdigan yoki tuzgan va ushbu materialni tanlagan, buyurtma qilgan va tashkillashtirgan shaxsdir. Muallif, masalan, asarni yaratishda qalamni qog‘ozga bosib, jismoniy harakatni amalga oshiradigan shaxs bo‘lishi shart emas.
Mualliflik huquqining egasi asarga nisbatan muayyan harakatlar qilish, masalan, nusxa ko‘chirish, efirga uzatish yoki nusxalarini ommaga sotish kabi mutlaq huquqlarga ega. Bular mualliflik huquqi bilan himoyalangan faoliyat namunalaridir. Mualliflik huquqi egasi asardan foydalanishni, masalan, nusxalarini tayyorlash yoki nusxalarini ko‘pchilikka sotish yoki boshqa shaxsga to‘lov evaziga amalga oshirishga ruxsat berish orqali boshqarishi mumkin. Oddiy misol, badiiy asarning mualliflik huquqi egasi nashriyotga asarning nusxalarini royaltilar evaziga kitob shaklida nashr etish va sotishga ruxsat berganida, odatda, nashriyot kitoblar narxiga kelishilgan foiz shaklida chiqaradi.
Agar biror kishi mualliflik huquqi egasining ruxsatisiz yoki litsenziyasiz mualliflik huquqi bilan cheklangan harakatlardan birini amalga oshirsa, ikkinchisi uning mualliflik huquqini talab qilishi va qonuniy himoya choralarini ko‘rishi mumkin. Masalan, zararni undirib olish va sud tomonidan taqiq qo‘yish. Biroq ishga adolatli munosabatda bo‘lish kabi cheklovlar va ba’zi aniq belgilangan istisnolar mavjud bo‘lishi mumkin. Bunga misol sifatida bir kishi o‘qish uchun kutubxonadagi kitobdan nusxalarni olishi mumkin. Asarga nisbatan boshqa harakatlar, agar ular mualliflik huquqi bilan cheklanmasa amalga oshirilishi mumkin: masalan, do‘stingizdan musiqani tinglash uchun uning diskidan ko‘chirib olish.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarishni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 26 mayda “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan. Mazkur hujjatning 6-bandi ijrosiga ko‘ra, “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” tashkil etildi.
Palataning asosiy maqsad va vazifalari fan, adabiyot, san’at va madaniyat sohasidagi muallif, san’atkor, ijodkor va ijrochilar (huquq egalari) hamda ularning huquqiy vorislari mulkiy huquqlarini boshqarish, ularning huquq va manfaatlarini respublika hamda respublikadan tashqarida ro‘yobga chiqarishlarini ta’minlashdan iborat. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yakka tartibda mulkiy huquqlarini amalga oshira olmaydigan huquq eagalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradi hamda asarlar yoki turdosh huquqlar ob’yektlaridan har qanday shakl va usulda foydalanishga huquq egalari (huquqiy vorislar) nomidan foydalanuvchilarga ruxsat berish yoki taqiqlashga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, mualliflik huquqi ob’yektlari, jumladan audiovizual asar (kino-video filmlar va boshqa)lar, turdosh huquqlar ob’yektlaridan foydalanilganda mualliflarning haq olish huquqlarini amalga oshiradi. Asarlar (qo‘lyozmalar, nusxalar)ga yoki turdosh huquq ob’yektlariga nisbatan meros huquqini ta’minlashda ishtirok etadi hamda huquq egalari (huquqiy vorislar)ga yakka tartibda asarlar va ijrolar (fonogrammalar)dan foydalanishda huquq olishlariga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda mualliflik huquqi bilan bog‘liq mavjud savollar bo‘lsa, barcha ijodkorlarni palatamizning telegram kanali - San’atkor, ijodkor va ijrochilar palatasi ga a’zo bo‘lishlariga chorlab qolamiz. Kanal orqali har qanday savollarga javob olish mumkin.
Boboqul TOShEV,
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi.