Mualliflik huquqi himoyasi: xorijda qanday, bizda-chi?
Samarqand shahrida Sharq va Yevropa mamlakatlari mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlar Xalqaro assotsiatsiyasi (ASIPREEC)ning navbatdagi yig‘ilishi doirasida “Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Qozog‘iston, Moldova, Gruziya, Shvetsiya, Chexiyaning mualliflar va turdosh huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar vakillari, respublika San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi hamda Oliy Majlis Senati a’zolari bevosita va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO-Jeneva), Mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari xalqaro konferederatsiyasi (SIZAK-Parij) va Ozarbayjon tashkiloti vakillari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.
- Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan maqsad mualliflik huquqlarini himoya qilish, bu boradagi xalqaro aloqalarni kengaytirish, tuzilgan hamkorlik shartnomalarini amalda qo‘llash, mulkiy huquqlarni mintaqa va xalqaro doirada boshqarish mexanizmlarini joriy etish, respublikamizning sohaga oid xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirishdan iborat, - deydi San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi B.Toshev. - Mualliflik huquqlarining buzilishi bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylandi. Raqamli texnologiyaning rivojlanishi va internet tarmog‘i imkoniyati kengayishi bilan intellektual mulk ulkan tahdid ostida qoldi. Intellektual mulk ob’yekti bo‘lgan fan va adabiyot, san’at asarlari, filmlar, fonogrammalar internet tufayli hammaning “qo‘li yetadigan” “matoh” ga aylandi.
Ammo aksariyat davlatlarda intellektual mulk davlat tomonidan himoyalanadi. Yurtimizda ham mualliflik huquqi muhofazasiga qaratilgan qator qonun hujjatlari bor. Xususan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 19, 39-moddalarida muallifning asaridan foydalanilganlik uchun mualliflik haqining to‘lanishi xususida huquqiy normalar keltirilgan. Faqat bu qonunlarga qat’iy amal qilish, ijrosini ta’minlash kerak.
Konferensiyada sohaga oid muammolarga yechim topish, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, dunyoda yuzaga kelayotgan voqeliklar va raqamli muhit sharoitlarini inobatga olib, sohaga zamonaviy va ta’sirchan mexanizmlarni joriy etib borish, xorij tajribasini chuqur o‘rganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kengaytirshga kelishib olindi.
- Qozog‘istonda mualliflik huquqlarini himoya qiluvchi 20 dan ortiq tashkilot tuzilgan, - deydi Qozog‘istondagi “KazAK” bosh direktori B.Yesenaliyev. – Lekin bunday tashkilotlarning ko‘pligi va kelishmovchiliklar natijasida mualliflar hamda boshqa huquq egalari o‘zlarining mulkiy huquqlarini amalga oshirishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Masalan, audioasarlar, teleseriallar yoki multfilmlar mualliflarini boshqaradigan bitta tashkilot tuzish va uni tartibga solish mumkin. Bugungi konferensiyada shu kabi muammolarga yechim xususida ekspertlar bilan tajriba almashdik.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.