Mualliflik huquqlarini himoya qilish qanchalik muhim?
Hozirda dunyo hamjamiyatida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda mazkur huquq boshqa huquq sohalariga qaraganda mustahkam o‘rin tutadi.
Shuning uchun intellektual mulk ijodkorlik va izlanishlarni rag‘batlantiradi va kompaniyalarga jahon iqtisodiyotida raqobat mavqeini mustahkamlash imkonini beradi. Kontrafakt tovarlar, plagiat va qaroqchilik esa bu haqiqatga jiddiy tahdid solib kelmoqda.
Juda ko‘p tashkilotlar intellektual mulk ob’yektlarini asosan tovar belgilari, asarlar va shunga o‘xshash mahsulotlarni soxtalashtirish orqali juda katta foyda ko‘rishmoqda. Ko‘p yillar davomida dunyoga mashhur kompaniyalar o‘z tovar belgilari ostida qalbaki mahsulotlarni sotib kelayotgan turli veb-saytlar egalari bilan sudlashib kelmoqdalar. Bunga bir nechta yirik holatlarni misol qilish o‘rinli deb o‘ylayman. Zero, mualliflik huquqlarini muhofaza qilish qanchalik muhimligini mazkur holatlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
2017 yili Nyu-York Federal sudi orqali "Salvatore Ferragamo" nomli italyan brendi o‘z tovar belgisiga nisbatan huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani borasida "Ferragamo" tovar belgisi ostida qalbaki mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan qariyb 60 ta nomi aniqlanmagan internet-savdogarlarga qarshi kurashda yutib chiqdi. Natijada sud tomonidan brendning mualliflik huquqiga daxl qilayotgan 150 ga yaqin domenni mashhur brendga topshirish haqida qaror qabul qildi. Sud yetkazilgan zararni 60 mln. AQSh dollariga teng deb topdi. Lekin bu aniq raqam emas, chunki bu kabi qonunbuzarliklar ro‘y bergan ko‘pgina holatlarda bo‘lgani kabi qalbaki mahsulotlarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan barcha aybdorlarni topishning iloji yo‘q, demak, tovon pulini to‘laligicha undirishning ham iloji yo‘q.
Kompaniya vakillari sud qarori qoniqarli bo‘lganini va bundan buyon ham brend manfaatlarini hamda nomini himoyalash uchun kontrafakt tovarlarga qarshi kurashishni davom etttirishlarini bildirdilar. Albatta, "Salvatore Ferragamo" kompaniyasi o‘z mualliflik huquqlarining buzilishiga qarshi kurashayotgan yagona kompaniya emas.
Butun dunyoga mashhur bo‘lgan Gucci brendi Florida Federal sudining qaroriga muvofiq 89 nafar Xitoy onlayn-do‘konlaridan 9 mln. dollar miqdorida tovon puli undirishga erishdi. Alohida ta’kidlash joizki, tovon puli to‘lanishidan tashqari, barcha domenlar uchun huquqlar ham italyan brendi ixtiyoriga o‘tkazildi. 2009 yilda Gucci Amerikaning Guyess markasini, jumladan mahsulot dizaynida Gucciga tegishli bo‘lgan qizil-yashil rangli yo‘l-yo‘l tasvirni hamda "G" harfini qo‘llaganlikda ayblab sudga murojaat qildi. O‘z mualliflik huquqi poymol etilganini Gucci rahbariyati 221 mln. AQSh dollariga baholadi va Guyessdan aynan shu miqdordagi mablag‘ni tovon puli sifatida talab qildi. Bir nechta sud majlislaridan so‘ng 2012 yilda sud Gucci da’vosini tan oldi, lekin tovon puli miqdorini 4,7 mln. dollargacha kamaytirdi.
2017 yilda xuddi shu tartibdagi sud ishi Kanadaning MooseKnuckles brendi foydasiga hal bo‘ldi, bu ish bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra xitoylik veb-saytlar tarmog‘i hisobidan Moose Knuckles foydasiga 52 mln. dollar mablag‘ tovon puli undirildi.
Yaqin kelajakda butun dunyo mamlakatlarida mualliflik huquqi muhofazasiga e’tibor tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mualliflik huquqining buzulishi huquqi buzulgan sub’yektlarga nisbatan juda katta zarar olib keladi. Shunday ekan qonunchilikda bu holatlarni bartaraf qilish uchun javobgarlik masalasini kuchaytirishga olib keladi. Xususan, mamlakatimiz qaonunchilikiga ko‘ra mualliflik huquqini buzgan shaxslar BHMni 25 barobaridan (6 125 000 so‘m) 75 barobarigacha (18 375 000 so‘m) miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan. Endilikda yangi qonun loyihasiga ko‘ra huquqi buzilgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari(4 940 000 so‘m) dan 1000 barobari (247 million so‘m) gacha yetkazilgan zararni undirib berish belgilangan.
Hasan Uzoqov,
Samarqand viloyat intellektual mulk himoyasi markazi yetakchi mutaxassisi.