Mualliflik huquqi, uni kim buzyapti?
Bugun Samarqand shahrida Sharq va Yevropa mamlakatlari mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlarning Xalqaro assotsiatsiyasi (ASIPREEC)ning navbatdagi yig‘ilishi doirasida "Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari" mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlaydi.
Anjuman oldidan San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi B.Toshev mualliflik huquqi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Nafaqat yurtimizda, balki boshqa davlatlarda ham mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni xalqaro doirada himoyasini ta’minlash uchun ichki mexanizmlar, ya’ni huquqlarni boshqaruvchi turli tashkilotlarni tuzish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi. Shuni aytish kerakki, xalqaro doirada biron bir davlat idorasi, vazirlik, agentlik, qo‘mita yoki shunga o‘xshash tuzilmalar muallif va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish bilan shug‘ullanmaydi. Bunday faoliyat bilan huquq egalari o‘zaro ixtiyoriylik asosida tuzgan tashkilotlar shug‘ullanadi.
Shunga ko‘ra, mualliflik huquqini bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinishi uchun xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan.
Mazkur konvensiya fan, adabiyot va san’at asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir. Bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq davlati ushbu konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. Mazkur konvensiyaning a’zosi sifatida mamlakatimizda ham 2005 yil 19 apreldan boshlab ushbu tashkilot normalari qo‘llana boshlandi. Qarabsizki, biz xalqaro majburiyatga ham ega bo‘ldik. Shu maqsadda mualliflarning huquqlarini himoya qilish maqsadida mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshira boshladi. Ya’ni, ushbu tashkilotlar katta huquq egalarining, jumladan yozuvchilar, shoirlar, olimlar, bastakorlar, kinorejissyorlarning mulkiy huquqlarini boshqarish va ularga tegishli bo‘lgan mualliflik haqlarini yig‘ish bilan shug‘ullanishi mumkin. Lekin, o‘tgan vaqt mobaynida ayrim tashkilotlar ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini davom ettira olmadi.
Mamlakatimizda san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarishni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 6-bandida ko‘zda tutilganidek “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” tashkil etildi va u qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, mualliflik huquqlarining buzilishi bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylandi. Raqamli texnologiyaning rivojlanishi va internet tarmog‘i imkoniyati kengayishi bilan intellektual mulk ulkan tahdid ostida qoldi. Intellektual mulk ob’yekti bo‘lgan fan va adabiyot, san’at asarlari, filmlar, fonogrammalar internet tufayli hammaning “qo‘li yetadigan” “matoh” bo‘lib qoldi.
Jahonning barcha davlatlarida intellektual mulk davlat tomonidan himoyalanadi. Yurtimizda ham mualliflik huquqi muhofazasiga qaratilgan qator qonun hujjatlari bor. Xususan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 19, 39-moddalarida muallifning asaridan foydalanilganlik uchun mualliflik haqining to‘lanishi xususida huquqiy normalar keltirilgan. Shunga ko‘ra, mualliflik haqi miqdorlari bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Fan, adabiyot va san’at asarlari nashr etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari” bilan belgilangan.
Mualliflik asarlaridan foydalanganlik uchun mualliflik haqining to‘lanishi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 4-bobida keltirilganidek, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishga mo‘ljallangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu nodavlat notijorat tashkilotlar bo‘lib, o‘zining nizomi asosida ish ko‘radi. Qonunga ko‘ra, bunday tashkilotlar muallif bilan shartnoma asosida ishlaydi va mutasaddi davlat organi tomonidan nazorat qilinadi.