Samarqand shahrining har bir ko‘chasini piyoda kezib, ularni buyuk bobokalonlarimiz nomlari bilan atashda fidoyilik ko‘rsatgan olim
Inoyatulla Suvonqulov hayot bo‘lganida bugun 88 yoshni qarshilagan bo‘lardi.
Asli g‘allaorollik filologiya fanlari doktori, professor I.Suvonqulovning hayoti va ish faoliyati Samarqandda kechdi. Samarqand davlat universitetida tahsil olgach, bir muddat G‘allaorolda o‘qituvchilik qildi. So‘ngra universitetda ilmiy tadqiqotchi, 1968 yildan Samarqand davlat pedagogika institutida yoshlarga saboq berdi.
Domlaning keyingi faoliyati SamDTI va SamDChTIda kechdi. Bu paytda nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqladi. Ya’ni, ilmiy faoliyatining dastlabki 20 yilini xalq og‘zaki ijodini o‘rganishga, oxirgi 20 yilini esa allomalarimiz ma’naviy merosini tadqiq qilishga va ular nomini abadiylashtirishga sarfladi.
I.Suvonqulov 2007 yildayoq Registon maydonidagi «Shoirlar bog‘i»dan vaqtincha, deb olib qo‘yilgan oqinlar Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li haykallarini joyiga keltirib qo‘yish lozimligini ta’kidlagandi. Bu haqda matbuotda chiqish qildi, tegishli idoralarga xatlar yozdi. U kishining orzusi 10 yil o‘tib ushaldi. 2017 yilda Prezident Sh.Mirziyoyevning sa’y-harakati bilan haykal o‘z o‘rnini topdi.
Bundan 20 yillar oldin Inoyatulla aka Samarqand shahrining har bir ko‘chasini piyoda kezib, ularni buyuk bobokalonlarimiz nomlari bilan atashda fidoyilik ko‘rsatgandi. U kishi bilan uchrashganlarning xotirlashicha, domla doim qo‘lida allaqanday qog‘ozlar - hujjatlar ko‘tarib yurganiga guvoh bo‘lishar, suhbatlashganida “Bugun hokimga kirdim, mana bu ko‘chani, mana bu buyuk bobomiz nomi bilan atadik, bunisi esa, mana bu faylasuf bobomiz nomi bilan ataladigan bo‘ldi”, degan gaplarni eshitardi.
- Inoyatulla aka sun’iylikni, notabiiylikni xushlamasdi, - deydi taniqli ijodkor Farmon Toshev. - Shogirdlariga, umuman, yoshlarga, hamkasblariga o‘zini ham ortiqcha ta’riflashlariga yo‘l qo‘ymasdi. Bir kuni tadbirdan chiqib kelayotganimizda qo‘limdan ushlab nasihat qildi: “Uka, ko‘rdingizmi, kechagina ustidan dumaloq xat yozib, davralarda masxara qilib turganlar bugun domlani avliyo, deb maqtashdi. Bunaqalarni jinim yoqtirmaydi…”.
Toponimik joylarga nom berish viloyat komissiyasi tarkibida domla bilan baqamti ishlash jarayonida u kishidan ko‘p narsa o‘rgandim. Inoyatulla aka ayniqsa, Samarqand shahri ko‘chalarini qayta nomlashda bizdan eski ruscha nomlarni oddiy o‘zbekchaga o‘girish bilan qutulib qolmaslikni talab qildi. Bu zaminda yashab o‘tgan buyuklar nomini targ‘ib qildi. Tarixiy joylar nomini saqlab qolishda ham qat’iyatlilik ko‘rsatdi. «Samarqand ko‘chalari nomi» nomli bibliografik uslubiy kitob chop etdi.
Bir suhbatdagi gaplari hech ham esimdan chiqmaydi: “Ukalar, e’tiqod dumaloq bo‘lmaydi. Uning baquvvat ustuni bo‘ladi. Havasingiz kelgan, ozgina manfaati tekkan gaplarga, fikrlarga ergashib ketavermanglar. Har bir ziyoli ilmga daxldor. U doimo o‘ylashi, o‘qishi, tahlil qilishi va xulosa chiqarishi kerak. Yangi fikr aytishda u kimgadir yoqmasligidan qo‘rqmanglar. Hammaga yoqaman, degan odam subutsiz bo‘ladi”. Domla o‘zining ana shu kabi aqidalariga rioya etib yashadi. 1999 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi, bir yil o‘tib, “Ustoz” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 2012 yilda vafot etdi.