Samarqand: sport xabarlari
Turon yakka kurashi
Toyloq olimpiya zaxiralari kollejida sportning Turon yakka kurash turi bo‘yicha 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada respublikamizning barcha viloyatlardan 500 ga yaqin sportchi qatnashdi. Qizg‘in kechgan bahs yakunida Toshkent shahri sportchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati ikkinchi, Farg‘ona viloyati hamda samarqandlik sportchilar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
***
Yoga
Registon maydonida “Xalqaro yoga kuni” munosabati bilan festival tashkil etildi.
O‘zbekiston yoga federatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan festivalda 100 nafarga yaqin sportchi va havaskorlarga tajribali mutaxassislar tomonidan mashg‘ulot olib borildi. Tadbir davomida keyingi paytda mazkur sport turi yurtimizning barcha hududida ancha rivojlanib, u bilan shug‘ullanuvchilar soni oshayotgani ta’kidlandi.
***
Voleybol
Samarqand shahrida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida oliy liga jamoalarining uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Unda mehmon Jizzax davlat pedagogika instituti, Nukus davlat pedagogika instituti, Navoiy viloyatining “Sug‘diyona” hamda viloyatimizning “O‘zbektelekom” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, Samarqandning “O‘zbektelekom” jamoasi yuqori ochko bilan keyingi turga yo‘l olib, “B” guruhida peshqadam bo‘ldi.
***
Mini futbol
Samarqand shahar 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi iyun oyi “Mini futbol oyligi” tadbirining viloyat final bosqichi o‘tkazildi.
“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan futbol musobaqasida shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 18-30 yoshdagi uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 16 ta jamoa maydonda to‘p surdi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, ishtixonliklar 6:5 hisobida urgutliklar ustidan g‘alabaga erishdi. Uchinchi o‘rin Samarqand shahar yoshlariga nasib etdi.
Ma’lumot o‘rnida: oylik davomida viloyat bo‘yicha 607 ta mahallada mini futbol sport musobaqalari o‘tkazilib, 10 ming nafardan ortiq yoshlar jalb etildi.
***
U-shu
Urgut tumanida sportning u-shu turi bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.
Unda barcha shahar va tumandan 130 nafar sportchi g‘oliblik uchun o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Bellashuv yakunida Samarqand shahridan borgan u-shuchilar barcha raqiblaridan ustun ekanliklarini ko‘rsatdi. Ikkinchi o‘rinni urgutliklar egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin jomboylik sportchilarga nasib etdi.
***
Basketbol
Toshkent shahrida basketbol bo‘yicha 2009-2010 yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Unda viloyatimiz sharafini himoya qilgan murabbiy Sardor Gadoyev boshchiligidagi basketbolchilarimiz ham munosib ishtirok etib, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va bronza medali bilan taqdirlandi.
Husan Eltoyev.